SOZLAR | YIGIRMА BIRINCHI SO’Z | 13
(1-14)

Kufrni xayolga keltirish kufr bo’lmagani kabi, vahmda paydo bo’lgan kufr ham kufr emas. Zalolatni tasavvur qilish zalolat bo’lmagani kabi, zalolatni tafakkur qilish ham zalolat emas. Chunki xayolga keltirish ham, vahmga tushish ham, tasavvur qilish ham, tafakkur qilish ham aqliy tasdiqdan va qalban ishonishdan farqlidir, boshqadir. Ular bir daraja erkindirlar. Insonga berilgan juz`iy ixtiyorni ko’pincha tinglamaydilar. Diniy majburiyat ostiga ko’p ham kiravermaydilar. Tasdiq va ishonch esa unday emas. Bir nizomga tobedirlar. Hamda xayol, vahm, tasavvur, tafakkur kabi hislatlar tasdiq va qat`iy ishonch emasligi kabi, shubha va ikkilanish deb ham hisoblanmaydi. Biroq, agar zaruratsiz takrorlanaverib o’rnashib qolsa, u vaqt undan haqiqiy bir shubha paydo bo’lishi mumkin. Ham yana betarafona muhokama nomi bilan va yo insof nomidan deya, qarshi tarafga moyillik ko’rsataversa, shunday bir holga keladiki, beixtiyor qarshi tarafni ma`qullaydigan bo’lib qoladi. Unga vojib bo’lgan, haqni ma`qullash hissi sinadi. O’zi esa tahlikaga tushadi. Dushman va  shaytonning bema`ni vakili bo’ladigan holat zehnida qaror topadi.

Bu xildagi vasvasaning eng ahamiyatli joyi shudirki, vasvasali odam, imkoni zotiy ila imkoni zehniyni bir-biri bilan chalkashtirib qo’yadi. Ya`ni, bir narsani mohiyatan mumkin deb bilsa, u narsani zehnan ham mumkin va aqlan ham ehtimoli bor degan vahm uyg’onadi. Holbuki, Ilmi Kalomda shunday qoida borki, mohiyatan mumkin bo’lgan bir narsa, ilmiy tasdiqqa teskari emas va zehniy zaruratga ziddiyati yo’q. Masalan, shu daqiqada Qora dengizning yerga tortilib ketishi o’z mohiyatiga ko’ra mumkindir va shu imkoni zotiyga ko’ra uning ehtimoli bor. Holbuki, u dengiz joyida ekanini qat`iyan tasdiqlaymiz, shubhasiz bilamiz. Va u ehtimoli imkoniy va u imkoni zotiy bizga shak bermaydi, bir shubha tug’dirmaydi, qat`iy ishonchimizni buzmaydi. Masalan, shu quyosh o’z mohiyatiga ko’ra, bugun botmasligi va ertaga chiqmasligi mumkin. Holbuki bu imkon ishonchimizga zarar bermaydi, shubha tug’dirmaydi. Mana shuning kabi, masalan, iymon haqiqatlaridan bo’lmish, dunyo hayotining botishi va oxirat hayotining chiqishiga imkoni zotiy jihatida kelgan vahimalar, iymondagi qat`iyatga zarar bermaydi.

 Ham,لاَ عِبْرَةَ ِلْلاِحْتِمَالِ الْغَيْرِ النَّاشِئِ عَنْ دَلِيلٍ ya`ni: "Biron bir dalildan kelib chiqmagan bir ehtimolning hech ahamiyati yo’qdir," deyilgan mashhur qoida, ham usulud-din, ham usulul-fikhning muqarrar qoidasidandir.

Аудио мавжуд эмас