To’rtinchi Jihat.
Amalning eng yaxshi shaklini izlashdan kelib chiqqan bir vasvasadirki, taqvo deb o’ylab shiddatlangan sari holat og’irlashib boraveradi. Hatto, shu darajaga boradiki, u odam amalning eng a`losining ketiga tushib haromga yo’liqadi. Ba`zan bir sunnatni ketiga tushish, bir vojibni tark ettiradi. "Ajabo, amalim to’g’ri bo’ldimikin?" deydi, yana qayta qiladi. Bu hol davom etadi. Nihoyat tushkunlikka tushadi. Shayton bu holidan foydalanib uni yaralaydi. Bu yaraning ikki malhami bor.
Birinchi Malham: Bunday vasvasalar, mo’`tazila ahliga loyiqdir. Chunki ular deydilar: "Diniy majburiyatdan bo’lgan amallar va narsalarning bevosita o’zida, oxirat e`tibori ila yo husn bor, so’ng shu husnga binoan buyurilgan; yo qabohat bor, so’ng shunga binoan qaytarilgan. Demak, narsalarning oxirat va haqiqat nuqtai nazaridagi husni va qabohati – zotiydir; Ilohiy amr va nahiy (ta`qiq) esa unga tobedir." Bu mazhabga ko’ra, inson qilgan har bir amalda bunday bir vasvasa keladi: "Ajabo, amalim haqiqatan go’zal suratda bajarilganmikin?"
Ammo, haq mazhab bo’lgan Ahli Sunnat val Jamoat derki: "Janobi Haq bir narsaga buyuradi, so’ngra u narsa go’zal hisoblanadi; bir narsadan qaytaradi, so’ngra u qabih hisoblanadi." Demak amr ila go’zallik, nahiy (ta`qiq) ila chirkinlik yuzaga chiqadi. Husn va qabohat bandaning xabardorligiga bog’liq va unga ko’ra qaror topadi. Shu husn va qabohat esa o’tkinchi va dunyoga qarashli tarafida emas, balki oxiratga qarashli tarafidadur. Masalan, sen namoz o’qiding va yo tahorat olding. Holbuki, namozingni va tahoratingni buzadigan bir sabab haqiqatda yuz bergan. Lokin seni undan hech xabaring bo’lmadi. Sening namozing va tahorating – ham to’g’ri, ham go’zaldir. Mo’`tazila der: "Haqiqatda qabih va buzilgan. Lokin sendan qabul qilinadi. Chunki noma`lum bo’lgan, bilmading va uzring bor." Shunday ekan, Ahli Sunnat mazhabiga binoan, shariatning zohiriga muvofiq o’laroq qilgan amalingda: "Ajabo to’g’ri bo’lganmikin?" deya vasvasaga tushma. Faqat, "Qabul bo’lganmikin?" de. G’ururlanma, ujbga kirma (ya`ni, qilgan amalingga ishonib qolma).