SOZLAR | YIGIRMА BIRINCHI SO’Z | 9
(1-14)

Boq, ey bechora vasvasali odam! Tashvish chekma, chunki sening xotiringga kelgan narsa shatm emas, xayoldir. Kufrni xayol qilish kufr bo’lmagani kabi, shatmni xayol qilish ham shatm emasdir. Zero mantiq ilmiga ko’ra, xayol qilish hukm emasdir. Shatm esa hukmdir. Yana shu bilan birga, u chirkin so’zlar sening qalb so’zlaring emas. Chunki sening qalbing undan iztirob va afsus-nadomat chekmoqda. Balki, u qalbga yaqin bo’lgan lummai shaytoniyadan, ya`ni, shaytonning makonidan kelayotir. Vasvasaning zarari vahmiy zarardir. Ya`ni, uni zararli deb vahima qilish bilan, qalban iztirob chekmoqdir. Chunki hukm bo’lmagan xayolni haqiqat deb vahimaga tushadi. Hamda, shaytonning ishini o’z qalbidan deb biladi. Shaytonning so’zini qalbdan deb o’ylaydi. Zarar deb tushunadi, zararga tushadi. Zotan, shaytonning istagani ham shudir.

 

Ikkinchi Jihat shudirki:

Ma`nolar qalbdan chiqqan payt ustlarida suratlari bo’lmaydi. Shu hollarida xayolga kiradilar va u yerda surat kiyadilar. Xayol esa har vaqt bir sabab ostida o’ziga xos suratlarni to’qiydi. Ahamiyat bergan narsalarning suratlarini yo’l ustida qoldiradi. Qaysi ma`no o’tsa, yo unga kiydiradi, yo iladi, yo bulg’aydi, yo parda qilib yopadi. Agar ma`nolar toza va pok bo’lib, suratlar esa iflos va betamiz bo’lsa, kiyilmaydi, faqat tegib o’tadi. Vasvasali odam tegishni kiyish bilan chalkashtiradi. "Eyvoh! — deydi, — Qalbim bunchalar buzilibdi. Bu yaramas, bu pastkash nafs meni barbod qiladi." Shayton uning shu hissidan ko’p foydalanadi. Shu yaraning malhami quyidagidir.

Tingla ey bechora! Ma`lumki, namozning pokizalik odobiga vositasi bo’lgan zohiriy tahoratga, sening qorning ichidagi najosat ta`sir qilmaydi va buzmaydi. Xuddi shuningdek, muqaddas ma`nolarning iflos suratlarga qo’shilishi zarar bermaydi. Masalan, sen Ilohiy oyatlarni tafakkur qilyapsan. Birdan bir illat, yo bir ishtaha, yo bavl (siydik) kabi bir hayajonlantiruvchi narsa shiddat bilan sening hissingga kelib tegadi. Albatta, sening xayoling bu illatni bartaraf etish va hojatni ushatish uchun lozim bo’lgan ishlarga nazarni qaratadi, boqadi, ularga munosib iflos suratlarni to’qiydi. Kelgan ma`nolar ularning oralaridan o’tib boradi. O’tayotganlarga na ziyoni tegadi, na iflosi; na zarari bor, na xatari. Faqat xatar shundaki, butun diqqat-nazarni u bilan band qilish va uni zarar deb o’ylashdadir.

 

Аудио мавжуд эмас