SOZLAR | YIGIRMА BIRINCHI SO’Z | 10
(1-14)

Uchinchi Jihat shudirki:

Narsalar orasida ba`zi yashirin munosabatlar bo’ladi. Hatto sen kutmagan narsalar ichida munosabat iplari bo’ladi. Yo bevosita o’zida bo’ladi va yoki sening xayoling, o’zi mashg’ul bo’lgan san`atga ko’ra, u iplarni paydo qiladi, ularni bir-biri bilan bog’laydi. Shu munosabat siri tufayli bir muqaddas narsani ko’rganda, ba`zan, bir iflos narsa xotiraga keladi. Bayon fanida bayon etilganidek, "O’zaro uzoqlikka sabab bo’lgan ziddiyat xayolda yaqinlikka sabab bo’ladi." Ya`ni, ikki bir-biriga zid narsaning suratlarini jamlovchi vosita - xayoliy munosabatdir. Bu munosabatlar bilan kelgan xotira, "tado`iyi afkor" deb ataladi. Masalan, sen namozda, munojotda Ka`ba qarshisida, huzuri Ilohiyda turib, oyatlarni tafakkur qilayotgan bir holingda, shu tado`iyi afkor seni eng uzoq-uzoq be`mani xayollarga olib ketadi. Sening boshing bunday tado`iyi afkorga mubtalo bo’lsa, aslo tashvish chekma. Balki o’zingga kelgan ondayoq qayt. "Eh, qanday qusur qildim-a?!" deya tadqiq bilan mashg’ul bo’lib qolma. Toki u zaif munosabat, sening diqqating ila quvvat paydo qilmasin. Zero ta`sirlangan saring, ahamiyat bergan saring, u zaif xayoling malaka hosil qiladi. Xayoliy bir illat bo’ladi. Qo’rqma, qalbiy illat emasdir. Bu xildagi xotiralar ko’pincha beixtiyor keladi. Ayniqsa ta`sirchan, asabiy odamlarda ko’p uchraydi. Shayton bu xil vasvasa ma`danini ko’p ishlatadi. Bu yaraning malhami quyidagidir.

Tado`iyi afkor, ko’pincha beixtiyor keladi. Unda mas`uliyat yo’q. Ham, tado`iyda yaqinlashish bor, tegish va aralashib ketish yo’q. Shuning uchun fikrlarning sifatlari bir-biriga yuqmaydi, bir-biriga zarar bermaydi. Masalan, shayton ila ilhom farishtasi qalb atrofida bir-biriga yaqin joylashgani, hamda fojirlar (yomonlar) va abrorlar (yaxshilar)ning qarindoshligi va bir maskanda turishlari bir-biriga zarar bermaydi. Aynan shuning kabi, tado`iyi afkorning chorlovi ila sen istamagan nopok xayollar kelib, pok fikrlarning ichiga kirsa zarar bermaydi; magar, qastdan bo’lmasa va zarar deb o’ylab u bilan ko’p mashg’ul bo’linmasa.

Ham, ba`zan qalb charchaydi. Fikr o’zini ovuntirmoq uchun to’g’ri kelgan bir narsa bilan mashg’ul bo’ladi. Shu vaqt shayton fursat topadi; nopok narsalarni uning oldiga sochadi, u tomon suradi.

 

Аудио мавжуд эмас