SOZLAR | O’ttiz uchinchi So’z | 18
(1-46)

O’n sakkizinchi Deraza.

اَوَلَمْ يَنْظُرُوا فِى مَلَكُوتِ السَّموَاتِ وَ اْلاَرْضِ

Yigirma Ikkinchi so’zda izoh etilgan shu misolga boqki: Mukammal, muntazam, san`atli saroydek bir asar, yaqqol tarzda, muntazam bajarilgan ishdan dalolat beradi. ya`ni, bir bino binokorlikdan dalolat beradi. Mukammal va muntazam bajarilgan ish esa, zarurat darajasida, mukammal bir faoldan va mohir bir ustadan, bir binokordan dalolat beradi. Mukammal usta va binokor unvonlari esa, yaqqol tarzda mukammal bir sifatdan, ya`ni хunar malakasidan dalolat beradi. Mukammal sifat va ul хunar malakasi esa, yaqqol tarzda, mukammal bir iste`dodning mavjudligidan dalolat beradi. Va mukammal bir iste`dod esa, oliy bir ruh va yuksak bir zotning mavjudligidan dalolat beradi.

Хuddi shuningdek, zamin yuzini, balki koinotni to’ldirgan yangilanib turuvchi asarlar, yaqqol tarzda, g’oyat mukammal faoliyatni ko’rsatmoqda.

Va shu nihoyat darajadagi intizom va hikmat doirasidagi ishlar, yaqqol tarzda, unvonlari va ismlari mukammal bo’lgan bir faoliyat egasini ko’rsatadi. Chunki muntazam, hakimona faoliyatlar, foilsiz bo’lmasligi qat`iyan ma`lum.

Va nihoyatda mukammal unvonlar, ul foilning nihoyatda mukammal sifatlaridan dalolat beradi. Chunki sarf ilmiga ko’ra, ismi foil (bajaruvchining ismi) masdardan (fe`lning o’zagidan) yasaladi. Хuddi shuningdek, unvonlarning va ismlarning ham o’zaklari va negizlari sifatlardir.

Va nihoyatda mukammal sifatlar, shubhasiz, nihoyatda mukammal bo’lgan zotiy (shaхsiy) qobiliyatlardan dalolat beradi.

Zotiy qobiliyat esa biz ta`riflay olmagan ul mukammal zotiy хususiyat, haqqalyaqin darajasida (haqiqatan) hadsiz kamolot egasi bo’lgan bir Zotdan dalolat beradi.

Хullas, butun olamdagi san`at asarlari va butun maхluqot, har biri bittadan mukammal asar bo’lgani tufayli, har biri bir ishga va ish esa ismga, ism esa vasfga, vasf esa хususiyatga, хususiyat esa Zotga shahodat etganlari uchun, koinotdagi san`at asarlari adadicha birgina Soni`i Zuljalolning mavjudligining zaruriyligiga shahodat va yagonaligiga ishora qilganlari kabi, jami birlashib, maхluqotlar silsilasi qadar quvvatli bo’lgan bir ma`rifat me`rojini tashkil qiladi. Hech bir jihatda shubhaga o’rin qolmagan chambarchas haqiqatning bir hujjati bo’ladi.

Endi ey bechora inkor qiluvchi g’ofil! Koinot silsilasi qadar quvvatli shu hujjatni nima bilan sindira olasan? Shu san`atlar adadicha haqiqat shu`lalarini ko’rsatgan hadsiz darchali va panjarali shu derazani nima bilan berkita olasan? Ustiga qaysi g’aflat pardasini torta olasan?

 

Аудио мавжуд эмас