Lemalar lot | Yigirmanchi Lam’a | 10
(1-12)

Eski do’stlarimizdan birining bir odamga nisbatan adovati bor edi. U odamning yonida raqibi sanokorona maqtaldi, solih amalli, hatto valiy bir inson deya vasf etildi. Haligi odam qizg’anmadi, siqilmadi.

So’ngra bir kishi unga:

«Sening u dushmaning jasurdir, kuchlidir», - dedi. Qarasak, u odamda shiddatli bir qizg’anish va bir raqobat hissi uyg’ondi.

Unga: «Valiylik va solihlik abadiy hayotning olmosidek cheksiz bir quvvat va yuksaklik degani. Sen bu  jihatda qizg’anmading. Dunyoviy quvvat xo’kizda, jasorat yirtqich hayvonda ham bor bo’lib, valiylik va solihlikka nisbatan, oddiy bir shisha parchasining olmosga nisbati kabidir xolos», dedik.

Haligi odam dediki: «Bu dunyoda ikkimiz ham ko’zimizni bir nuqtaga, bir maqomga tikkanmiz. U yerga olib chiqadigan narvonlarimiz esa, quvvat va jasorat kabi narsalardir. Shuning uchun qizg’andim. Oxirat maqomi esa, cheksizdir. U odam bu yerda mening dushmanim bo’lsada, u yerda samimiy va sevimli birodarim bo’lishi mumkin».

Ey ahli haqiqat va tariqat! Haqqa xizmat, buyuk va og’ir xazinani saqlash, muhofaza etishga o’xshaydi. Bu xazinani yelkasida olib yurganlarga qanchalik kuchli qo’llar yordamga qo’shilsa, shunchalik sevinib, mamnun bo’ladilar. Qizg’anish u yoqda tursin, u kelganlarning yanada ziyoda bo’lgan quvvatlarini va yanada ziyoda ta`sirlarini va yordamlarini g’oyat samimiy bir muhabbatla, iftixorkorona olqishlash lozim bo’lgani holda, nima uchun, u haqiqiy qardoshlarga va fidokor yordamchilarga bundayin raqobatkorona boqilmoqda va bu bilan ixlos qochmoqda?! Vazifangizda tuhmatga qolib, ahli zalolatning nazarida, sizdan va sizning maslagingizdan yuz daraja past bo’lgan «Din bilan dunyo qozonmoqchi, ilmi Haqiqat bilan tirikchiligini ta`min etmog’chi, tama va hirs yo’lida raqobat qilmoqda», degan mudhish tuhmatlarga ma`ruz qolyapsiz?

Bu kasallikning yagona chorasi — nafsini tergab turish va nafsiga emas, doimo qarshisidagi maslakdoshiga tarafdor bo’lish... Odob fani va munozara ilmi ulamolari orasidagi haqparastlik va insof dasturlari bo’lmish ushbu qoidani o’zlariga dastur qilish...

Ya`ni: «Agar bir masalaning munozarasida o’z so’zining haqli chiqishiga tarafdor bo’lib va o’zi haq bo’lib chiqqanida sevinsa va raqibining nohaq va xato bo’lganiga mamnun bo’lsa, insofsizdir». Ham zarar ko’radi. Chunki o’zi haqli chiqsa, u munozarada bilmagan bir narsasini o’rganmaydi, balki g’ururlanish ehtimoli ila zarar ko’rishi mumkin.

Agar raqibi haq bo’lib chiqsa, zarari yo’q, chunki bilmagan narsasini o’rganib, manfaatdor bo’ladi, nafsining g’ururidan qutuladi. Demak, insofli haqparast kishi haq yo’lida nafsining xotirini sindiradi. Haqni raqibining qo’lida ko’rsa, baribir rizo ila qabul etib, tarafdor chiqadi, mamnun bo’ladi.

Xullas, bu dasturlarni ahli din, ahli haqiqat, ahli tariqat, ahli ilm o’zlariga rahbar qilib olsalar, ixlosni qozonadilar. Va uxroviy vazifalarida muvaffaq bo’ladilar. Va bu fojiali tushkunlik va musibatlardan rahmati Ilohiy yordamida qutuladilar.

سُبْحَانَكَ لاَ عِلْمَ لَنَا اِلاَّ مَا عَلَّمْتَنَا اِنَّكَ اَنْتَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ

 

Аудио мавжуд эмас