Lemalar lot | Yigirmanchi Lam’a | 8
(1-12)

Ey ahli haq! Ey haqparast ahli shariat va ahli haqiqat va ahli tariqat! Bu mudhish ixtilof marazini daf qilish uchun, bir-biringizning qusuringizga e`tibor qilmay, birodaringizning aybidan ko’zlaringizni yumingiz!  وَاِذَا مَرّوُا بِاللَّغْوِ مَرّوُا كِرَامًا oyatida bayon etilgan Furqoniy odob ila odoblaningiz! Va tashqi dushmanning hujumi chog’ida ichki tortishuvlarni tark etishni, hamda ahli haqni tubanlikdan va xorlikdan qutqarishni eng BIRINCHI va eng muhim uxroviy vazifa deb bilib, yuzlab oyatlar va Payg’ambarimizning hadislari shiddat bilan amr etgan birodarlik, muhabbat va o’zaro yordamga rioya qilib, butun hissiyotlaringiz ila ahli dunyodan ham shiddatliroq bir tarzda maslakdoshlaringiz va dindoshlaringiz bilan ittifoq etingiz, ya`ni, ixtilofga tushmangiz. «Bunday masalalarga qiymatli vaqtimni ketkazgandan ko’ra, zikr va tafakkur kabi qiymatli ishlarga sarf qilganim yaxshi», degan mulohaza ila o’zingizni chetga tortingiz, ittifoqni zaiflashtirmangiz. Chunki bu ma`naviy jihodda kichik deb o’ylagan masalangiz, aslida g’oyat katta bo’lishi mumkin. Bir askarning muhim va maxsus bir sharoitda bir soat qorovulda turishi, ba`zan bir yillik ibodat hukmiga o’tganidek, ahli haqning bu mag’lubiyati zamonida ma`naviy mujohada masalalarida kichik bir masalaga sarf etilgan sening qiymatli bir kuning, u askarning bir soati kabi, ming daraja ziyoda qiymat olishi mumkin, bir kuning ming kun bo’lishi mumkin. Ish livajhilloh* bo’lgandan keyin, u ishning katta yo kichigiga, qiymatli yo qiymatsizligiga qaralmaydi. Ixlos va rizoi Ilohiy yo’lida zarra yulduz kabi bo’ladi. Vasilaning mohiyatiga qaralmaydi, natijasiga qaraladi. Modomiki natijasi rizoi Ilohiy va asosi ixlos ekan, u kichik emas, kattadir.

YETTINCHI SABAB

Ahli haq va haqiqatning ixtilof va raqobatlari qizg’anchiqlikdan va dunyoga o’chlikdan bo’lmagani kabi, ahli dunyoning va ahli g’aflatning ittifoqlari ham mardlikdan va olijanoblikdan emasdir.

Balki ahli haq haqiqatdan keluvchi olijanoblikni, olihimmatlikni va haq yo’lida olqishlangan musobaqani tom muhofaza etolmaganidan, hamda noahllarning ham kirib qolishi tufayli bir daraja suiiste`mol qilganidan, raqobatkorona ixtilofga tushib, ham o’ziga, ham Islom jamoatiga ulkan zarar bergan.

Ahli g’aflat va ahli zalolat esa, o’zlari maftun bo’lgan manfaatlarini yo’qotmaslik va manfaat yo’lida o’zlari sig’inayotgan boshliqlarining va hamtovoqlarining ko’nglini qoldirmaslik uchun, xor, nomard va hamiyatsiz ekanligidan, aksariyat sheriklari bilan — hatto ular pastkash, xoin va zararkunanda bo’lsalar ham — xolisona birlashadilar. Ham yana, manfaat atrofida to’planganlar qay shaklda bo’lmasin, o’zaro samimiy ittifoq qiladilar. Samimiyatning natijasi o’laroq istifoda etadilar.

Аудио мавжуд эмас