Bu jiddiy xastalikning malhami va davosi, «al-hubbu filloh»ning ma`nosiga ko’ra, haq yo’lidan borayotganlarga hamroh bo’lganidan iftixor etmoq;
Va ularga ergashmoq va imomlik (peshvolik) sharafini ularga bermoq;
Va bu haq yo’lida kim bo’lsa bo’lsin, o’zidan ko’ra yaxshiroq deb bilib, manmanligidan voz kechib, ixlosni qozonmoq;
Va ixlos bilan qilingan bir misqol amal, ixlossiz qilingan botmonlab amallardan ustun ekanini bilish bilan ergashishlikni, mas`uliyat va xatarga sabab bo’lguvchi yo’lboshchilikdan ustun qo’yishdir. Shu bilan bu xastalikdan qutuladi va ixlosni qozonadi, uxroviy vazifasini to’liq ado eta oladi.
BESHINCHI SABAB
Ahli hidoyatning ixtilofi va ittifoqsizligi ularning zaifligidan bo’lmagani kabi, ahli zalolatning quvvatli ittifoqi ham ularning quvvatlaridan emasdir. Balki ahli hidoyatning ittifoqsizligi, iymoni komildan kelib chiqadigan tayanch nuqtasi va tayanch nuqtasidan vujudga keladigan quvvatdan paydo bo’lgani kabi, ahli g’aflat va ahli zalolatning ittifoqlari, qalban tayanch nuqtasi yo’qligi tufayli zaiflik va ojizliklaridan paydo bo’lgandir. Chunki zaiflar ittifoqqa muhtoj bo’lgani uchun kuchli ittifoq qiladilar. Kuchlilar esa, ehtiyojni tom his etmaganlaridan, ittifoqlari zaifdir. Arslonlar, tulkilar singari ittifoqqa muhtoj bo’lmagani uchun yolg’iz yashaydilar. Yovvoyi echkilar esa, bo’rilardan saqlanish uchun bir poda tashkil qiladilar.
Demak, zaiflarning jamiyati va ma`naviy shaxsi, quvvatlidirIzoh3 , kuchlilarning jamiyati va ma`naviy shaxsi esa zaifdir.
Bu sirga Qur`onda latif bir ishora va nozik bir nukta ila bunday farmon qilinadi:
وَ قَالَ نِسْوَةٌ فِى الْمَدِينَةِ jumlasida muannaslarning (ayollarning) jamoatiga nisbatan, hatto ikki karra muannas bo’lsada, muzakkar fe`li bo’lmish قَالَ ning ishlatilishi; hamda قَالَتِ اْلاَعْرَابُ deya marhamat qilib muzakkarlarning (erkaklarning) jamoatiga nisbatan muannas fe`li bo’lmish قَالَتِ iborasining ishlatilishi, shunga latifona ishora qiladiki, zaif, halim va nozik xotinlarning jamiyati quvvat topadi, qattiqlik va shiddat kasb etib, bir navi mardonavorlik qozonadi. Bu holat muzakkar fe`lini taqozo etadiki, وَ قَالَ نِسْوَةٌ iborasi g’oyat o’rinlidir.
Izoh3 Ovrupa qo’mitalari ichida eng shiddatli va eng ta`sirlisi va bir jihatda eng quvvatlisi, latif va zaif va nozik jins bo’lgan ayollarning Amerikadagi «Ayollar Huquq va Hurriyoti Qo’mitasi» ekanligi, hamda millatlar ichida oz va zaif bo’lgan armanilarning qo’mitasi ko’rsatgan quvvatli fidokorona vaziyati bu muddaomizning isbotidir.