UCHINCHI SABAB
Ahli Haqning ixtilofi himmatsizlikdan va tubanlikdan emas va ahli zalolatning ittifoqi olihimmatlikdan emasdir.
Balki ahli hidoyatning ixtilofi, olihimmatlikning suiiste`molidandir va ahli zalolatning ittifoqi, himmatsizlikdan paydo bo’lguvchi zaiflik va ojizlikdandir. Ahli hidoyatni olihimmatdan suiiste`molga va bu orqali ixtilofga va raqobatga olib kelayotgan narsa, oxirat nuqtai nazarida maqtalgan bir xislat sanalmish savobga o’chlikda va oxirat vazifasida qanoatsizlikdan tug’iladigan holatdir. ya`ni, «Bu savobni men qozonayin, bu insonlarni men irshod etayin, mening so’zimni tinglasinlar», — deya qarshisidagi Haqiqiy qardoshiga — muhabbati, ko’magi, do’stligi va yordamiga g’oyat muhtoj bir zotga nisbatan raqobatkorona vaziyat oladi. «Shogirdlarim nima uchun uning yoniga ketmog’dalar? Nimaga unikichalik shogirdlarim yo’q?» — deydi. Manmanligi bu fursatdan foydalanib, ayblangan bir xislat bo’lmish hubbi johga mayl uyg’otadi, ixlosni qochiradi, riyo eshigini ochadi.
Mana shu xatoning, bu yaraning, bu mudhish ruhoniy xastalikning dorisi budir: Janobi Haqning roziligi ixlos ila qozoniladi, ergashuvchilarning ko’pligi ila yo muvaffaqiyatlarning ortiqligi ila emas. Chunki bular, vazifai Ilohiyaga oid bo’lgani uchun, istanilmaydi, balki ba`zan beriladi. Ha, ba`zan birgina so’z najotga sabab va madori rizo bo’ladi. Miqdorning ahamiyatiga u qadar e`tibor berilmasligi lozim. Chunki ba`zan birgina odamni irshod qilish ming odamning irshod qilganchalik rizoi Ilohiyga sabab bo’ladi.
Ixlos va haqparastlik esa, musulmonlarning qayerdan va kimdan bo’lsa ham foydalanishlariga tarafdor bo’lishdir. Aks holda, «Mendan dars olib, savob qozontirsinlar,» — degan tushuncha, nafsning va manmanlikning bir hiylasidir.
Ey savobga o’ch va oxirat amallariga qanoatsiz inson! Shunday payg’ambarlar kelganki, ularning bir necha sanoqli kishidan boshqa ergashuvchilari bo’lmagani holda, baribir muqaddas payg’ambarlik vazifalarining hadsiz ajrini olganlar. Demak, mahorat ergashuvchilarning ko’pligida emas, balki rizoi Ilohiyni qozonish ila belgilanadi. Sen kimsanki, bunday bir o’chlik ila «Har kim mengagina quloq solsin», deya, o’z vazifangni unutib, vazifai Ilohiyaga aralashasan?! Qabul ettirmoq, sening atrofingga xalqni to’plamoq, Janobi Haqning vazifasidir. Vazifangni qil, Allohning vazifasiga aralashma!