Ham haq va haqiqatni eshitayotgan va so’zlayotganlarga savob qozontiradiganlar, faqat insonlar emas. Koinotda Janobi Haqning shuurli maxlug’lari va ruhoniy mavjudotlari va maloikalari ko’p, ular har tarafni jonlantirib turadilar. Modomiki ko’p savob istasang, ixlosni asos tut va faqat rizoi Ilohiyni o’yla. Toki og’zingdan chiqayotgan muborak kalimalaringning havodagi akslari, ixlos ila va sidqi niyat ila hayot topsin, jonlansin, hadsiz shuur egalarining quloqlariga yetib borib, ularni nurlantirsin, senga ham savob qozontirsin. Chunki, masalan, sen «Alhamdulilloh» deding. Bu kalom milyonlab kattayu kichik «Alhamdulilloh» kalimalari bilan birga havoda izni Ilohiy ila yoziladi. Naqqoshi Hakiym hech bir ishni behuda va isrof qilmagani uchun, bu sanoqsiz muborak kalimalarni tinglaydigan qadar behisob quloqlarni ham yaratgan. Havodagi u kalimalar agar ixlos ila, sidqi niyat ila hayotlansalar, har biri bittadan lazzatli meva kabi, ruhoniy mavjudotlarning quloqlariga kiradi. Agar rizoi Ilohiy va ixlos havodagi u kalimalarga hayot bermasa, tinglanilmaydi. Savob ham faqat og’izdagi kalimaga xos bo’ladi. Ovozlari uncha chiroyli bo’lmaganidan, tinglovchilarining ham ozligidan siqilgan hofizlarning quloqlarida jaranglasin!
TO’RTINCHI SABAB
Ahli hidoyatning raqobatkorona ixtilofi, oqibatni o’ylamaslikdan va kaltafahmlikdan bo’lmagani kabi; ahli zalolatning samimiy ittifoqlari, oqibatni o’ylashlaridan va uzoqni ko’rishlaridan emasdir. Balki ahli hidoyat, haq va haqiqatning ta`siri ila, nafsning ko’r hissiyotiga berilmagan holda, qalb va aqlning uzoqni ko’ruvchi tamoyillariga ergashib, lekin ayni chog’da, istiqomatni va ixlosni muhofaza eta olmaganlaridan yuksak maqomni saqlayolmay, ixtilofga tushayotirlar. Ahli zalolat esa, nafsu havoning ta`siri ila, ko’r, oqibatni ko’rmaydigan, bir misqol hozirgi lazzatni bir botmon kelgusidagi lazzatdan ustun qo’yadigan hissiyotning taqozosi ila bir-biriga samimiy bo’lib, naqd bir manfaat va shu kungi bir lazzat uchun qattiq ittifoq qilayotirlar. Ha, dunyoviy naqd bir lazzat va manfaat atrofida tuban, qalbsiz va nafsparast kishilar samimiy ittifoq tuzib birlashadilar.
Ahli hidoyat oxiratga oid va kelajakka taalluqli bo’lgan uxroviy samaralar va kamolotlarga qalb va aqlning oliy dasturlari ila yuzlanganlari uchun o’rtalarida kuchli bir ishonch va tom bir ixlos va g’oyat fidokorona birdamlik hamda ittifoqqa erishish mumkin bo’lgani holda, manmanlikdan qutula olmaganlari tufayli, ifrot va tafritga berilib, oliy bir manbai quvvat bo’lmish ittifoq boy beriladi, ixlos ham sinadi. Va uxroviy vazifalariga ham futur yetadi. Rizoi Ilohiyni ham osonlikcha qo’lga kiritolmaydi.