Lemalar lot | Yigirmanchi Lam’a | 3
(1-12)

Ammo hidoyat va diyonat ahli, ilm va tariqat ahli, Haq va haqiqatga suyangani uchun va har biri Haq yo’lida faqat Rabbini o’ylab, Uning tavfiqiga ishonganidan, ma`nan ul maslakdan keladigan izzatlari bor.  Zaiflik his qilgan vaqti, insonlarga emas, Rabbiga murojaat etadi, madadni Undan istaydi. Mashrablarining xilma-xilligi bois, zohiran mashrabi muxolif bo’lganlarga nisbatan yordamga tom ehtiyoj his etmaydi, ittifoqqa ehtiyoj sezmaydi. Ustiga ustak, unda yana xudgamlik va manmanlik ham bo’lsa, o’zini haqli, muxolifini nohaq deb o’ylab, ittifoq va muhabbat o’rniga, o’rtada ixtilof va raqobat paydo qiladi. Ixlosni boy beradi, vazifasi poymol bo’ladi.

Mana bu mudhish sababdan tug’iladigan vahm natijalarni ko’rmaslikning yagona chorasi to’qqiz ishdadir:

1) Musbat harakat etishdir. Ya`ni, o’z maslagiga bo’lgan muhabbat bilan harakat etish. Boshqa maslaklarga adovat va boshqalardan nug’son qidirish, uning fikriga va ilmiga aralashmasin, bu ishlar bilan mashg’ul bo’lmasin;

2) Balki Islomiyat doirasida, qaysi yo’lda bo’lsa bo’lsin, muhabbat, birodarlik va ittifoqqa sabab bo’ladigan ko’p birlashtiruvchi aloqalar borligini o’ylab, ittifoq qilgan holda;

3) Haqli har bir maslak sohibi boshqalarning maslagiga til tekkizmaslik sharti bilan «Maslagim Haqdir»; yoxud «Maslagim go’zalroqdir», deyishga haqqi bor. Aksincha, boshqalarning maslagini nohaqligi va yo chirkinligiga ishora qilgan ma`noda «Haq faqat mening maslagimdir!» va yoxud «go’zali mening mashrabimdir!» demaslikdek bir insof dasturini o’ziga rahbar etish;

4) Va ahli haq birla ittifoq, tavfiqi Ilohiy kelishining bir sababi va diyonatdagi izzatning bir madori ekanini tushunib;

5) Ham ahli zalolat va haqsizlik, o’zaro tayanch tufayli paydo qilgan jamoat ko’rinishidagi kuchli bir ma`naviy shaxsning dahosi ila hujum qilib turgan bir zamonda, u ma`naviy shaxsga qarshi, har qancha kuchli bo’lmasin, yakka holda qarshi chiqilsa, mag’lub bo’lishini anglab; ahli haq o’zaro ittifoq ila bir ma`naviy shaxsni vujudga keltirib, zalolatning u mudhish ma`naviy shaxsining hujumlaridan haqqoniyatni saqlab qolish;

6) Va Haqni botilning savlatidan qutqarish uchun;

7) Nafsini va manmanligini;

8) Va yanglish tushunayotgan izzatini;

9) Va ahamiyatsiz, raqobatga o’ch bo’lgan hislarini tark etish bilan ixlosni qozonadi, vazifasini to’liq ado etadi.Izoh2



Izoh2 Hatto sahih hadisda, oxirzamonda Isaviylarning Haqiqiy dindorlari ahli Qur`on ila ittifoq bo’lib, mushtarak dushmanlari bo’lmish dinsizlarga qarshi tayanishlari kabi, shu zamonda ham ahli diyonat va ahli haqiqat, nafaqat dindoshi, maslakdoshi, qardoshi bilan samimiy ittifoq qilishi, balki Xristianlarning Haqiqiy dindor ruhoniylari bilan ham, ixtilofga sabab nuqtalarni vaqtinchalik tortishuv va nizoga sabab qilmay turib, mushtarak dushmanlari bo’lmish tajovuzkor dinsizlarga qarshi ittifoqqa muhtojdirlar.

Аудио мавжуд эмас