Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 1
(1-46)

                            Yigirma Oltinchi Lam’a.

                                      KEKSALAR RISOLASI.

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

كهيعص ۞ذِكْرُ رَحْمَتِ رَبِّكَ عَبْدَهُ زَكَرِيَّا۞ اِذْْ نَادَى رَبَّهُ نِدَاءً خَفِيّاً ۞

قَالَ رَبِّ اِنّىِ وَهَنَ الْعَظْمُ مِنّىِ وَاشْتَعَلَ الرَّاْسُ شَيْبًا وَلَمْ اَكُنْ بِدُعَائِكَ رَبِّ شَقِيّاً۞

 

BIRINCHI UMID.

Ey, kamol yoshiga yetgan muhtaram va muhtarama keksa birodarlar va hamshiralar! Men ham siz kabi keksaman. Shu keksalik chog’imda ora-sira qalbimga kelgan umidlarni va ulardagi tasalli nurini siz bilan baham ko’rmoq orzusi ila boshimdan o’tgan ba`zi holatlarni yozaman. Men ko’rgan ziyo va duch kelgan umid eshiklari, albatta mening nuqsonli va betartib iste`dodimga ko’ra namoyon bo’lib ochilgan. InshoAlloh, sizlarning sof va xolis iste`dodingiz men ko’rgan ziyoni porlatajak, topgan umidlarimni yanada quvvatlantirajak...

Xullas, zikr qilinadigan u umidlarning va ziyolarning manbai, ma`dani, chashmasi — iymondir.

IKKINCHI UMID.

Keksalikka oyoq qo’ygan vaqtim, bir kun kuz mavsumida, asr vaqtida, yuksak bir tog’da dunyoga nazar soldim. Shunda birdan g’oyat achinarli, hazin va bir jihatda zulmatli bir holatga tushdim. Ko’rdimki, men keksaydim, kun ham keksaygan, yil ham keksaygan, dunyo ham keksaygan. Bu keksaliklar ichida dunyodan firoq va sevganlarimdan ayriliq oni yaqinlashgani uchun, keksalik meni yanada parishon ayladi. Birdan Rahmati Ilohiya shunday bir suratda ko’rindiki, u achinarli qayg’u va firoqni quvvatli bir umid va porloq bir tasalli nuriga aylantirdi.

Ha, ey men kabi keksalar! Qur`oni Hakiymning yuz joyida Ar-rahmonir-rahiym sifatlari ila o’zini bizlarga taqdim etgan va doimo zamin yuzida marhamat istagan jonzotlarning yordamiga rahmatini yuborgan va g’aybdan har yil bahorni hadsiz ne`mat va hadyalari bilan to’ldirib, rizqqa muhtoj bo’lgan bizlar uchun yetkazib bergan va bizning ojizligimiz, zaifligimiz darajasi nisbatida rahmatining jilvasini ziyoda ko’rsatgan bir Xoliqi Rahiymimizning rahmati, bu keksalik chog’imizda eng buyuk bir umid va eng quvvatli bir ziyodir. Bu rahmatni topishning yo’li, iymon ila ul Rahmonga bog’lanmoq va farzlarni ado qilish ila Unga itoatda bo’lmoqdan iboratdir.

Аудио мавжуд эмас