mektubot | BESHINCHI MAKTUB | 2
(1-2)

Modomiki haqiqat bunday ekan, men tahmin qilamanki, agar shayx Abdulqodir Giyloniy (r.a.) va Shohi Naqshband (r.a.) va Imomi Rabboniy (r.a.) kabi zotlar bu zamonda bo’lsaydilar, butun himmatlarini iymon haqiqatlarining va Islom e`tiqodining kuchayishiga sarflagan bo’lardilar. Chunki abadiy saodatning madori ulardir. Ularda qusurga yo’l qo’yilsa, abadiy nadomatga sabab bo’ladi. Iymonsiz Jannatga kirib bo’lmas, lekin tasavvufsiz Jannatga ketgan juda ko’pdir. Nonsiz inson yasholmas, ammo mevasiz yashashi mumkin. Tasavvuf mevadir, Islom haqiqatlari esa ozuqadir. Qadimda qirq kundan tortib, to qirq yilgacha sayru suluk bilan ba`zi iymon haqiqatlariga zo’rg’a chiqish mumkin edi. Hozir esa Janobi Haqning rahmati bilan, qirq daqiqada u haqiqatlarga chiqiladigan yo’l topilsa, u yo’lga nisbatan loqayd qolmoq, albatta, aqldan bo’lmaydi.

Ushbu o’ttiz uch adad So’zlar bunday Qur`oniy bir yo’lni ochganini, diqqat bilan o’qiganlar hukm qilmoqdalar. Modomiki haqiqat bu ekan, Qur`on sirlariga oid yozilgan So’zlar: shu zamonning yaralariga eng munosib darmon va malham; zulmning hujumlariga yo’liqqan hay`ati Islomiyaga eng foydali bir nur; va zalolat vodiylarida hayron holda qolganlar uchun eng to’g’ri bir rahbardir, degan e`tiqoddaman.

Bilasizki, agar zalolat jaholatdan kelsa ketkazish osondir. Ammo, zalolat fandan va ilmdan kelsa ketkazish mushkuldir. Qadimda shu ikkinchi xili mingtadan bitta topilardi. Topilganlardan  faqat mingtadan bittasini irshod ila yo’lga solish mumkin edi. Chunki undaylar o’zlariga bino qo’yadilar; ham bilmaydilar, ham o’zlarini bilaman deb o’ylaydilar. Janobi Haq bu zamonda Qur`on mo’`jizasining ma`naviy shu`lalaridan bo’lmish ma`lum So’zlarga shu zalolatdagi dinsizlar uchun bir malham hosiyatini bergan, degan tasavvurdaman.

اَلْبَاقِى هُوَ الْبَاقِى

Said Nursiy

Аудио мавжуд эмас