Ey qardoshlarim! Muhim va buyuk xayrli ishlarning ko’p zararli to’siqlari bo’ladi. Shaytonlar u xizmatning xodimlari bilan ko’p olishadi. Bu to’siqlar va bu shaytonlarga qarshi ixlos kuchiga tayanmoq kerakdir. Ixlosni sindiradigan sabablardan ilondan yo chayondan qochgandek qochingiz. Hazrati Yusuf Alayhissalom
اِنَّ النَّفْسَ َلاَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ اِلاَّ مَا رَحِمَ رَبِّى deganidan ko’rinadiki, nafsi ammoraga ishonib bo’lmaydi. Manmanlik va nafsi ammora sizni aldab qo’ymasin. Ixlosni qozonmoq va muhofaza etmog’ va to’siqlarni daf qilmoq uchun quyidagi dasturlar rahbaringiz bo’lsin.
BIRINCHI DASTURINGIZ
Amalingizda rizoi Ilohiy bo’lmog’i lozim.
Agar U rozi bo’lsa, butun dunyo arazlasa ham, ahamiyati yo’q. Agar U qabul etsa, butun xalq rad etsa ham, ta`siri yo’q. U rozi bo’lgandan va qabul etgandan so’ng, istasa va hikmati taqozo etsa, siz istamasangiz ham, xalqlarga ham qabul qildiradi. Ularni ham rozi qiladi. Shuning uchun bu xizmatda to’g’ridan-to’g’ri faqat Janobi Haqning roziligini asos maqsad qilib olmoq kerak.
IKKINCHI DASTURINGIZ
Qur`on xizmatidagi qardoshlaringizni tanqid qilmaslik va o’zni ulardan ustun qo’yib, fazilatfurushlikdek bir xasad hissini uyg’otmaslikdir.
Chunki, misol uchun, insonning bir qo’li ikkinchisi ila raqobat etmas, bir ko’zi boshqa ko’zini tanqid qilmas, tili qulog’iga e`tiroz bildirmas, qalb ruhning aybini ko’rmas. Balki bir-birining nug’sonini o’nglaydi, qusurini berkitadi, ehtiyojiga yordam qiladi, vazifasiga ko’maklashadi. Yo’qsa, u inson vujudining hayoti so’nadi, ruhi qochadi, jismi ham nuraydi.
Ham, masalan, bir dastgohning charhlari bir-biri bilan raqobatkorona mashg’ul bo’lmas, bir-birining oldiga tushib hukmini yuritmas, bir-birining qusurini ko’rganda, tanqid qilib, harakatga bo’lgan shavqini sindirib, tanballikka duchor etmas. Balki butun iste`dodlari ila bir-birining harakatini umumiy maqsadga qaratish uchun o’zaro yordam qiladi, Haqiqiy bir hamjihatlik, bir ittifoq ila yaratilish g’oyalari sari boradi. Agar zarracha bir qarshilik, bir zo’ravonlik aralashsa, u dastgohning tartibini buzib yuboradi, natijasiz, samarasiz qoldiradi. Dastgoh sohibi ham u dastgohni tag-tugi bilan sindirib yo’qotadi.