Lemalar lot | Yigirma Birinchi Lam’a | 3
(1-9)

Xullas, ey Risolai Nur shogirdlari va Qur`on xizmatkorlari! Sizlar va bizlar, Shundayin insoni komil ismiga loyiq ma`naviy bir shaxsining a`zolarimiz. Va abadiy hayot ichra abadiy saodatning mahsulotini chiqaruvchi bir dastgohning charhlari hukmidamiz. Va ummati Muhammadiyni (A.S.V.) omonlik sohili bo’lmish Dorus-salomga olib chiqaruvchi bir Rabboniy kemaning xodimlarimiz. Albatta, to’rtta birning bir-biriga suyanishidan hosil bo’lgan bir ming bir yuz o’n bir (1111) kabi ma`naviy quvvatni ta`min etguvchi ixlos sirini qozonmoq ila o’zaro tayanchga va haqiqiy birdamlikka muhtojmiz va majburmiz.

Ha, agar uch alif birlashmasa, qiymati uchga teng bo’ladi xolos. Sirri adadiyat* ila birlashsa, bir yuz o’n bir (111) qiymatiga teng bo’ladi. To’rt karra to’rt ayri-ayri bo’lsa, o’n olti qiymatiga ega. Agar birodarlik siri va maqsadda birlik va vazifada ittifoq tuzib, bir chiziq ustida yelkani yelkaga bersalar, u vaqt to’rt ming to’rt yuz qirq to’rt (4444) quvvatini va qiymatini qozonadilar. Xuddi shuningdek, ixlos siriga ko’ra, o’n olti nafar fidokor qardoshning qiymati va ma`naviy quvvati to’rt mingdan ortib ketadiki, bunga tarixda ko’plab hodisalar shohidlik bildiradi.

Bu sirning ma`nosi shudirki, haqiqiy va samimiy bir ittifoqda har bir kishi boshqa qardoshlarining ko’zi bilan boqa oladi va quloqlari bilan eshita oladi. Go’yo o’n nafar haqiqiy birlashgan odamlarning har bittasi yigirmata ko’z bilan boqadi, o’nta aql bilan o’ylaydi, yigirmata quloq bilan eshitadi, yigirmata qo’l bilan ishlaydi — ma`naviy qiymati va quvvati ham shunga teng bo’ladi.Izoh

UCHINCHI DASTURINGIZ

Butun kuchingizni ixlosda va haqda deb bilishingiz lozim.

Ha, kuch haqdadir va ixlosdadir. Nohaqlar ham, haqsizliklari ichida ixlos va samimiyat ko’rsatayotganlari tufayli, kuchga ega bo’lyaptilar.

Kuch haqda va ixlosda ekanligiga bir dalil — shu xizmatimizdir. Bu xizmatimizdagi ozgina ixlos bu da`voni isbot etadi va o’zi o’ziga dalil bo’ladi. Chunki yigirma yildan ortiq o’z diyorimda va Istambulda qilgan ilmiy va diniy xizmatimizga nisbatan, bu yerda yetti-sakkiz yilda yuz daraja ziyoda xizmat qilindi. Holbuki, o’z diyorimda va Istambulda bu yerda men bilan birga ishlagan qardoshlarimdan yuz, balki ming karra ko’p yordamchilarim bor edi. Shunga qaramay, bu yerda yolg’iz, kimsasiz, g’arib, yarim ummiy* holimda, insofsiz ma`murlarning diqqatli nazorati va tazyiqlari ostida, yetti sakkiz yil sizlar bilan birga qilgan xizmatimiz, eski xizmatdan yuz daraja ortiq muvaffaqiyat ko’rsatdiki, bunday ma`naviy quvvat sizlardagi ixlosdan kelganiga qat`iyan shubham qolmadi.



Izoh Ha, ixlos siri ila qilingan samimiy o’zaro tayanch va birdamlik hadsiz manfaatga sabab bo’lgani kabi, qo’rquvlarga, hatto o’limga qarshi eng muhim bir qalqon, bir suyanch nuqtasidir. Chunki o’lim kelsa, bir ruhni oladi. Haqiqiy birodarlik siri ila, rizoi Ilohiy yo’lida, oxiratga taalluqli ishlarda qardoshlari adadicha ruhlari bo’lganidan, biri o’lsa, «Boshqa ruhlarim sog’lom qolsinlar, zero u ruhlar har vaqt savoblarni menga qozontirish bilan ma`naviy hayotimni davom ettirganlaridan, men o’lmayman» deya, o’limni kulib qarshilaydi. Va «Ul ruhlar vositasi ila savob jihatida yashayman, faqat gunoh jihatidagina o’laman» deydi, rohat-la yotadi.

Аудио мавжуд эмас