mektubot | IKKINCHI MAKTUB | 2
(1-2)

To’rtinchisi: Tavakkul, qanoat va iqtisod shunday bir xazina va bir sarvatdirki, hech bir narsa bilan almashib bo’lmas. Insonlardan mol talab qilib, ul xazina va dafinani yopishni istamayman. Razzoqi Zuljalolga yuz minglab shukr qilamanki, bolaligimdan beri meni minnat va zillat (xorlik) ostiga kirishga majbur qilmagan. Uning karamiga suyangan holda, qolgan umrimni ham u qoida ila o’tkazishini rahmatidan niyoz etaman.

Beshinchisi: Bir-ikki yildirki, ko’p alomatlar va tajribalar-la qat`iy qanoat hosil qildimki, odamlarning molini, xususan boylarning va ma`murlarning hadyalarini olishga menga izn yo’q. Ba`zilari menga ziyon berardi, aniqrog’i ziyon berdirilar edi; yedirilmas edi. Ba`zan men uchun zararli bir suratga keltirilardi. Demak bu, o’zgalarning molini olmaslikka ma`nan bir amr va olishdan ta`qiq bo’lgan. Hamda, menda tavahhush (xoli qolish istagi) bor, har kimni har vaqt qabul qilolmayman. Odamlarning hadyasini qabul qilsam, ularni yuz-xotir qilib, istamagan vaqtimda ham ularni qabul qilishga to’g’ri keladi. Bu ham menga yoqmaydi. Ham yana, sun`iylik va xushomadgo’ylikdan meni qutqargan – bir parcha qotgan non yemoq va yuz yeri yamoqli bir libos kiymoq, menga ko’proq yoqadi. O’zgalarning eng a`lo baqlavasini yemoq, eng qimmatbaho libosini kiymoq, so’ngra ularni yuz-xotir qilishga majbur bo’lmoq, menga noxushdir.

Oltinchisi: Va istig’no qilishimning eng muhim sababi, mazhabimizcha eng mo’`tabar bo’lgan Ibni Hojar deydiki: «Solih degan niyatda senga berilgan bir narsani, agar solih bo’lmasang, qabul etmoq haromdir.»

Xullas, bu zamonning insonlari hirs va tama (ochko’zlik) tufayli kichik bir hadyasini juda qimmatga sotadilar. Men kabi bir bechorani solih va yohud valiy deb tasavvur qilib, so’ngra bitta non beradilar. Agar, xudo ko’rsatmasin, men o’zimni solih deb bilsam, u  g’urur alomatidir, solih emasligimga dalil bo’ladi. Agar o’zimni solih deb bilmasam, u molni qabul qilmoq joiz emasdir. Ham yana, Oxiratga qaragan amallar evaziga sadaqa va hadya olmoq, Oxiratning boqiy mevalarini dunyoda foniy bir suratda emoq demakdir.

اَلْبَاقِى هُوَ الْبَاقِى

Said Nursiy

Аудио мавжуд эмас