Lemalar lot | Yigirma Birinchi Lam’a | 7
(1-9)

BIRINCHI misol: Katta bir boylikni va shiddatli bir quvvatni qo’lga kiritish uchun, ahli dunyo va hatto ayrim ahli siyosat, bashariyatning va ijtimoiy hayotning muhim ishboshilari va qo’mitalari ham, moliyaviy sheriklik dasturini o’zlariga rahbar qilib olganlar. Butun suiiste`mollari va ko’radigan zararlariga qaramay, xoriqo bir quvvatni, bir manfaatni qo’lga kiritayotirlar. Holbuki, ishtiroki amvolning (moliyaviy sheriklikning) ko’p zarar ko’rish ehtimoli borligidan tashqari, sheriklik bilan mohiyati o’zgarmaydi. Sheriklarning har biri garchi bir jihatda va nazoratda butun boylikka ega hukmida bo’lsa ham, ammo uning hammasidan yolg’iz o’zi foydalana olmaydi. Va hokazo...

Bu ishtiroki amvol dasturi oxirat amallarida qo’llanilsa, zararsiz ulkan manfaatga sabab bo’ladi. Chunki bunda butun mollar har bir ishtirokchining qo’liga tamoman o’tish xususiyatiga egadir.

Chunki, misol uchun, to’rt-besh odam sheriklik niyatida, biri lampamoy, biri pilik, biri lampa, biri shisha, biri gugurt keltirib, lampani yoqsa, har biri bir lampaga tom ega bo’ladi. U sheriklarning har birining devorda bittadan katta oynasi bo’lsa, har biri benuqson, yaxlit bittadan lampali bo’lib, bu lampa, xona bilan birga, u oynasiga kiradi.

Aynan shuningdek, oxirat amallarida ixlos siriga ko’ra, sheriklik; va birodarlik siriga ko’ra o’zaro tayanch; va birdamlik siriga ko’ra hamkorlik natijasida, u amallardagi sheriklikdan hosil bo’ladigan umum yakun va umum nur, har birining amal daftariga to’lasicha kirishi ahli haqiqat orasida ko’rilgan va sodir bo’lgandir. Va bu hol Allohning rahmati va karami kengligining taqozosidir.

Xullas, ey qardoshlarim! Moddiy manfaat sizlarni, inshoAlloh, raqobatga yetaklamaydi. Lekin oxirat manfaati nuqtasida, ayrim tariqat ahli aldanganlaridek, sizlar ham aldanishingiz mumkin. Ammo shaxsiy juz`iy bir savob qayerda-yu, mazkur misol hukmidagi amallarda sheriklik borasida ko’ringan savob va nur qayerda!

Ikkinchi misol: Ahli hunar, ishlarining unumdorligini oshirish uchun shirkat tuzib, muhim bir boylikka erishadilar. Masalan, igna yasovchi o’n odam ishga alohida-alohida kirishganlar. Va bu yakka-yakka harakatning samarasi o’laroq, har kuni bor-yo’g’i uchtadangina igna yasaganlar. So’ngra tashrikul maso`i, ya`ni hamkorlik dasturiga amal qilib o’n odam birlashgan. Biri temir keltiradi, biri o’choqqa o’t qalaydi, biri ignaning teshigini ochadi, biri olovga tutadi, boshqasi uchini uchlaydi va hokazo... Igna yasashda har kim maxsus bir ish bilangina mashg’ul bo’lib, bir xil ishni bajaravergani uchun, vaqtni bekor ketkazmay, asta-sekin u ishda malaka hosil qilib, vazifasini g’oyat tez bajara boshlagan. So’ngra u hamkorlik va ish taqsimlab olish dasturlari asosida yo’lga qo’yilgan ishning samarasini taqsimlaganlar. Qarasalar, har biriga bir kunda uch ignadan emas, uch yuz ignadan to’g’ri kelgan. Bu hodisa ahli dunyoning hunarmandlari orasida, ularni shirkat usuliga rag’batlantirish uchun, tillarda doston bo’lgan.

Аудио мавжуд эмас