Ikkinchi Nuqta: Bir paytlar, bir odam zindonda tashlanadi. Uning sevimli bir farzandi yoniga yuboriladi. U bechora mahbus ham o’zining alamini chekar, ham bolasining istirohatini ta`min etolmagani uchun, uni qiynalganini ko’rib battar ezilardi. Shunda marhamatkor hokim uning yoniga bir odamni yuborib deydiki:
"Shu bola garchi sening farzanding bo’lsa ham, lekin mening raiyatim va mening xalqimdandir. Shuning uchun uni o’zimga olaman va go’zal bir saroyda parvarish qilaman."
U odam esa yig’lab-siqtaydi; "Mening ovunchog’im bo’lgan bu bolamni bermayman," deydi.
Birodarlari unga deydilarki:
"Sening xafa bo’lishing ma`nosizdir. Agar sen bolaga achinayotgan bo’lsang, u go’dak bu iflos, badbo’y, siquvchi zindonda qolish o’rniga baxtli, saodatli bir saroyga ketsa, sen uchun yaxshi emasmi? Agar sen nafsing uchun unga achinayotgan va o’z manfaatingni o’ylayotgan bo’lsang, bolang bu zindonda qolsa, senga vaqtinchalik va dargumon bo’lgan manfaat bilan birga bolaning bu erda qiynalishidan ko’p qayg’u va alam chekasan. Agar u yerga ketsa, senga ming manfaati bor. Chunki podshohning marhamatini jalb etishga sabab bo’ladi, senga shafoatchi hukmiga o’tadi. Podshoh uni sen bilan ko’rishtirmoq istaydi. Albatta, ko’rishmoq uchun uni zindonga yubormaydi, balki seni zindondan chiqarib ul saroyga jalb etadi, bola bilan ko’rishtiradi. Faqat sharti shuki, podshohga ishonching va itoating bor bo’lsa..."
Mana shu misol kabi, aziz do’stim, seningdek mo’minlarning farzandlari vafot etganida, bunday fikr qilmoq lozim:
Bu go’dak ma`sumdir. Uning Xoliqi esa Rahiym va Kariymdir. Mening noqis tarbiyam va shafqatim o’rniga, g’oyatda komil bo’lgan inoyat va rahmatiga oldi. Dunyoning alamli, musibatli, mashaqqatli zindonidan xalos etib, Jannatul-Firdavsga yubordi. U go’dak qanday baxtli! Shu dunyoda qolsa edi, kim bilsin, qanday odam bo’lardi. Shuning uchun men unga achinmayman, uni baxtiyor deb bilaman.
O’zimning manfaatimga kelsak, o’zimga ham achinmayman; qattiq iztirob chekmayman. Chunki dunyoda qolganida, o’n yillik vaqtincha, alam aralash farzand muhabbatini baxsh etardi xolos. Agar solih bo’lib va dunyo ishlariga iqtidorli bo’lib yetishganida, balki menga yordam qilardi. Ammo vafoti bilan men uchun abadiy Jannatda o’n million yil farzand muhabbatiga sababchi va abadiy saodatga vasila bo’ladigan bir shafoatchi hukmiga o’tadi. Albatta va albatta, dargumon va shoshilinch bir foydadan ayrilgan, lekin tayin va kechroq keladigan ming foydaga erishgan, qattiq iztirob chekmaydi; ma`yusona faryod qilmaydi.