Munkir va tabiatparast kimsa bunday deydi: modomiki meni insofga chaqirar ekansan, men ham aytaman: shu vaqtgacha yanglish ketgan yo’limiz yuz karra mahol va juda zararli va benihoya chirkin bir maslak ekanini e’tirof etaman. Sabablarga, tabiatga yaratuvchi nomini berish imkonsiz va mahol bir ish ekanini va har narsani to’g’ridan-to’g’ri Vojibul Vujudga berish vojib va zaruriy ekanini zarracha shuuri bo’lgan odam o’tgan tadqiqlaringizdan anglab yetadi... "Alhamdulillahi ‘alal iyman", deb iymon keltiraman. Faqat, bir shubham bor. Janobi Haqning Xoliq ekanini qabul etaman, lekin ayrim ahamiyatsiz narsalarning yaratilishiga ba’zi arzimas sabablarning aralashishi va ozgina madhu sanoga sazovor bo’lishi Saltanati Rububiyyatga qanday zarar beradi? Saltanatiga nuqsoniyat yetkazadami?
Al-javob. Ba’zi risolalarda g’oyat qat’iy isbot etganmizki, hokimiyatning sha’ni o’z ishiga birovlarning aralashishini rad etishdan iboratdir. Hatto eng quyidagi bir hokim, bir ma’mur ham hokimiyatiga o’z o’g’lining ham aralashishini ko’tarmaydi. Ba’zi dindor podshohlar xalifalik choqlarida hokimiyatlariga aralashishidan xavfsirab hatto ma’sum bolalarini qatl etganliklari ham bu "Raddi mudoxala qonuni"ning hokimiyatda naqadar asosli hukm surganini ko’rsatadi. Bir nohiyada ikki mudirdan tortib to bir mamlakatda ikki podshohga qadar mustaqil hukm yurgizish talabidan paydo bo’lgan "man’i ishtirok qonuni" insoniyat tarixida juda hayratlanarli tarzda o’z quvvatini ko’rsatgan. E voh, ojiz va yordamga muhtoj insonlardagi amirlik va hokimiyatning bir soyasi bu darajada mudoxalani rad etishni va ishlariga begonaning aralashishini man’ etishni, hokimiyatida birovlarning ishtirokini qabul etmaslikni va maqomida mustaqilligini g’oyat taassublik bilan muhofaza etishga harakat qilishini ko’r-u, so’ngra Rububiyyati darajasida mutlaq hokim, Uluhiyyati darajasida mutlaq amir va Ahadiyyati darajasida mutlaq mustaqil va Qodiriyyati mutlaq darajasida mutlaq ehtiyojsiz bo’lgan bir Zoti Zuljalolga bu raddi mudoxala va man’i ishtirok va sherikdan xolilik qonunlari qay darajada u hokimiyatning zaruriy bir lozimi, vojib bir muqtazosi ekanini solishtira olsang, solishtir.
Endi ikkinchi shubhang masalasiga kelsak, ayrim juz’iyotning ubudiyyatlariga ba’zi sabablar markaz bo’lsa, Ma’budi Mutlaq bo’lgan u Zoti Vojibul Vujudga yuzlangan har zarradan to sayyoralargacha barcha maxluqotning ubudiyyatlariga bironbir zarar yetadimi?
Al-javob. Shu koinotning Xoliqi Hakiymi koinotni bir daraxt hukmida yaratib, shuur egalarini koinotning eng mukammal mevasi, insonni esa shu-ur egalari ichra eng mevalarning mevasi qilgandir. Va insonning nafaqat eng ahamiyatli, balki yaratilish natijasi, fitratining g’oyasi va hayotining samarasi bo’lgan shuur va ibodatni ul Hakiymi Mutlaq va Amiri Mustaqil, o’zini sevdirish va tanittirish uchun koinotni yaratgan ul Vohidi Ahad butun koinotning mevasi bo’lgan insonni va insonning eng yuksak mevasi bo’lgan shukr va ibodatini boshqa qo’llarga berib qo’yadimi? Bor hikmatiga zid harakat etib, natijai xilqatini va samarai koinotni o’zi inkor etadimi? Aslo va hech qachon!..