SAKKIZINCHI UMID.
Keksalikning alomati bo’lgan oq tolalar sochimga tushgan bir payt yoshlikning chuqur uyqusini yanada qalinlashtirgan Jahon Urushining tashvishlari va zamonamning tartibsizliklari va nihoyat Istambulga kelgan vaqtim ahamiyatli bir shon-sharaf vaziyati, hatto xalifadan, shayxulislomdan, boshqo’mondondan tortib, to madrasa talabalariga qadar menga haddan tashqari bir husni e`tibor va iltifot ko’rsatganlari tufayli paydo bo’lgan yoshlik sarxushligi va u vaziyat bergan ruhiy holat u uyquni shu daraja qalinlashtirgan ediki, xuddi dunyoni doimiy, o’zimni o’lmaydigan darajada dunyoga yopishgan ajib bir vaziyatda ko’rardim.
Xullas, o’sha paytlar Istambulning Boyazid jom`ei muboragiga, ramazoni sharifda, ixlosli hofizlarning qiroatini tinglagani bordim. Qur`oni Mo’`jizul Bayon samoviy yuksak xitobi ila basharning fanosini va jonzotlarning vafotini xabar bergan g’oyat quvvatli bir suratda
كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ اْلمَوْتِ farmonini hofizlarning tili bilan e`lon etdi. Qulog’imga kirib, to qalbimning ichiga o’rnashib, u o’ta qalin g’aflat va uyqu va sarxushlik tabaqalarini parchalab tashladi. Jome`dan chiqdim. Ko’pdan beri boshimda o’rnashib olgan u eski uyquning esankirashi tufayli bir necha kun boshimda bir bo’ron his etdim, o’zimni tumanli bir otash va yo’lini yo’qotgan kema kabi ko’rdim. Oynada sochimga boqsam, oq sochlar menga: "Diqqat et!" — deydilar.
Xullas, u sochlarning eslatmasi ila vaziyat oydinlashdi. Qarasam, ko’p quvongan va zavqlariga maftun bo’lgan yoshligim alvido demoqda. Va muhabbat bilan juda ko’p bog’liq bo’lgan dunyoviy hayotim so’na boshlagan. Va juda ko’p bog’liq va oshiq bo’lgan dunyoim menga "Omad yor bo’lsin," deya musofirxonadan ketishimni eslatmoqda. O’zi esa, "Allohga topshirdik," deb, u ham ketishga hozirlanmoqda. Qur`oni Mo’`jizul Bayon
كُلُّ نَفْسٍ ذَائِقَةُ اْلمَوْتِ oyati umuman: "Nav`i insoniy bir nafsdir, tirilish uchun o’ladi. Va yer kurrasi ham bir nafsdir, boqiy suratga kirish uchun u ham o’ladi. Dunyo ham bir nafsdir, oxirat suratiga kirish uchun u ham o’ladi," ma`nosini qalbga ochayotgan ediki, oyatda shunga ishoralar bor.
Mana shu holatda vaziyatimga boqdim va ko’rdimki: Lazzatlar koni bo’lmish yoshlik ketayotir, huzunlar manbai bo’lmish keksalik uning o’rniga kelayotir va g’oyat porloq va nuroniy hayot ketib, o’rniga zohiran qorong’i dahshatli o’lim kelishga hozirlanmoqda. Va u ko’p sevimli va doimiy deb o’ylangan va g’ofillarning ma`shuqi bo’lmish dunyo g’oyat tezlikda zavolga qovushmoqda.