Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 7
(1-46)

ETTINCHI UMID.

Keksaligim boshlanayotgan bir zamonda, eski Saidning kulishlari yangi Saidning yig’ilariga aylanayotgan bir vaqtda, Anqaradagi ahli dunyo meni eski Said deb o’ylab, u yerga chaqirdilar, bordim. Kuz mavsumining oxirlarida Anqaraning mendan ko’ra ancha qari, buzilgan, eskirgan qal`asining tepasiga chiqdim. Menga u qal`a toshga aylangan tarixiy hodisalar suratida ko’rindi. Yilning keksaygan mavsumi ila mening keksaligim, qal`aning keksaligi, bashariyatning keksaligi, shonli Usmonli davlatining keksaligi va halifalik saltanatining vafoti va dunyoning keksaligi meni g’oyat hazin va achinarli va firoqli bir holatga solib, u yuksak qal`ada o’tgan zamonning daralariga va kelajak zamonning tog’lariga boqtirdi va boqdim. To’rt-besh keksalik qorong’uliklari bir-biri ichra meni o’rab olgan edi. Shu payt Anqarada eng qora bir ruhiy holatga tushganimdan(Izoh), bir nur, bir tasalli, bir umid izladim.

O’ngga, ya`ni moziy bo’lgan o’tmishga boqib tasalli izlar ekanman, ul moziy menga padarimning va ajdodimning va zotimning bir katta mozori suratida ko’rindi, tasalli o’rniga vahshat berdi.

So’l tarafim bo’lmish istiqbolga darmon izlab boqdim. Ko’rdimki, mening va men kabilarning va kelajak nasllarning katta va qorong’u bir qabri suratida ko’rindi, unsiyat o’rniga dahshat berdi.

O’ng va so’ldan vahshatga tushib, hozir kunimga boqdim. Gaflatli va tarixvoriy nazarimga, hozirgi kun chala o’lik holida va jon talvasasida iztirob chekayotgan jismimning janozasini olib borayotgan bir tobut suratida ko’rindi.

So’ngra bu tomondan ham ma`yus bo’lib, boshimni ko’tardim va umrim daraxtining uchiga boqdim. Ko’rdimki, u daraxtning birgina mevasi bor bo’lib, u ham bo’lsa, mening janozamdir, daraxt uchidan turib menga boqayotir.

Bu tomondan ham vahshatga tushib, boshimni pastga egdim. Umr daraxtining ostiga, ildiziga boqdim. Ko’rdimki, ostidagi tuproq, suyaklarimning tuprog’i bilan men yaratilgan tuproq bilan bir-biriga aralashib ketgan bir suratda, oyoqlar ostida toptalanayotganini ko’rdim. U ham darmon emas, balki dardimga dard qo’shdi.

So’ngra majburan orqamga boqdim. Ko’rdimki, asossiz, foniy bo’lgan dunyo hechlik daralarida va yo’qlik zulmatlarida yumalab ketyapti. Dardimga malham izlagan edim, zahar qo’shdi. U tomonda ham xayr ko’rolmaganimdan endi old tarafimga boqdim, nazarimni olg’a tashladim. Ko’rdimki, qabr eshigi aynan yo’lim ustida og’zi ochiq holda menga boqayotir. Uning orqasida abadiyat tomon ketgan katta ko’cha va u ko’chada ketayotgan guruhlar uzoq-uzoqlardan ko’zga tashlanyapti.



(Izoh) O’sha vaqtlari bu ruhiy holat forsiy bir munojot shaklida qalbga keldi, Anqarada "Hubob risolasi"da chop etilgandir.

Аудио мавжуд эмас