Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 6
(1-46)

OLTINCHI UMID

Bir zamon alamli bir asoratimda insonlardan begonalashib, Barla yaylovidagi Archa Tog’ining tepasida yolg’iz qoldim. Tanholikda bir nur izlayotgandim. Bir kecha o’sha yuksak tepalikning cho’qqisidagi baland bir archa daraxti ustiga o’rnatilgan usti ochiq ayvonchada qoldim. Ketma-ket uch-to’rt g’urbatni keksalik menga xotirlatdi. Oltinchi Maktubda izohlangani kabi, o’sha kecha jim-jit, sas-sadosiz, faqatgina daraxtlarning shitirlashi va mayin ohanglaridan kelgan hazin bir sado, bir tovush juda achintirib, keksaligimga, g’urbatimga qattiq ta`sir qildi. Keksalik menga eslatdiki, bamisoli kunduz shu qorong’u bir qabrga aylangani va dunyo qora kafanini kiygani singari, umringning kunduzi ham kechaga va dunyoning kunduzi ham barzox kechasiga va hayotingning yozi ham o’limning qish kechasiga inqilob etajagini qalbimning qulog’iga so’yladi. Shu on nafsim majburan dedi:

Ha, men o’z vatanimda g’arib bo’lganim kabi, shu ellik yillik umrimda mening zavol topgan sevganlarimdan ajrab qolishim va ularning orqalaridan yig’lab qolishim, bu vatan g’urbatidan ko’ra qayg’uli va alamli bir g’urbatdir. Va bu kecha va tog’ning g’aribona vaziyatidagi hazin g’urbatidan ko’ra qayg’uli va alamli bir g’urbatga yaqinlashmoqdaman. Bu bilan keksalik menga, butun dunyodan birdaniga ayrilish zamoni yaqinlashganini xabar qilmoqda. Bu g’urbat ichra g’urbat va bu mahzunlik ichra mahzunlikdagi vaziyatdan bir umid, bir nur izladim.

Birdan Iymoni Billoh madadga keldi. Shunday bir unsiyat bahsh etdiki, meni ikki tomondan o’rab olgan vahshat, agar ming marta ziyodalashsa ham, Iymoni Billohdan kelgan ul tasalli unga kifoya qilar edi.

Ha, ey muhtaram va muhtarama keksalar! Modomiki, Rahiym bo’lgan bir Xoliqimiz bor ekan, bizlar uchun g’urbat yo’qdir. Modomiki U bor ekan, biz uchun hamma narsa bor. Modomiki U bor va maloikalari ham bor ekan, shunday bo’lgach, bu dunyo bo’sh emas. Xoli tog’lar, bo’sh sahrolar Janobi Haqning bandalari ila to’ladir. Ongli bandalaridan tashqari, Uning nuri ila, Uning nomidan toshlari ham, daraxtlari ham bittadan munis do’st hukmiga o’tadi. Holatlari ila biz bilan so’zlasha oladilar va xursand qiladilar.

Ha, bu koinotning mavjudoti adadicha va shu buyuk olam kitobining harflari adadicha, mavjudligiga shahodat etgan; va jonzotlarning shafqat, rahmat, inoyatga mador bo’la olgan a`zolari, ta`omlari va ne`matlari adadicha rahmatini ko’rsatgan dalillar, shohidlar, bizga Rahiym, Kariym, Munis, Vadud bo’lgan Xoliqimizning, Soni`imizning, Homiyimizning dargohini ko’rsatmoqdalar. U dargohda eng maqbul bir shafoatchi, ojizlik va zaiflikdir. Va ul ojizlik hamda zaiflikning tom vaqti esa, keksalikdir. Bunday bir dargohda maqbul bir shafoatchi bo’lgan keksalikdan ranjimoq emas, balki uni sevmoq lozimdir...

Аудио мавжуд эмас