Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 8
(1-46)

Bu olti tomondan kelayotgan dahshatlarga qarshi menga tayanch nuqtasi va mudofaa quroli bo’la oladigan kichik bir juzi ixtiyoriydan boshqa qo’limda hech narsa yo’q. U hadsiz dushmanlar va behisob zararli narsalarga qarshi birgina inson quroli bo’lgan u juzi ixtiyoriy ham noqis, ham qisqa, ham ojiz, ham ijodsiz bo’lgani uchun kasbdan boshqa bir narsa qo’limdan kelmas. Na o’tmish zamonlarga keta oladi, to undan menga keladigan qayg’ularning unini o’chirsin; va na istiqbolga kira oladi, to undan keladigan qo’rquvlarni to’ssin. O’tmish va kelajaklarga oid orzularimga va alamlarimga foydasi yo’qligini ko’rdim.

Bu olti tomondan kelayotgan dahshat va vahshat va qorong’ulik va ma`yusiyat ichra tipirchilab turgan bir paytimda, birdan Qur`oni Mo’`jizul Bayonning samoda porlagan iymon nurlari madadimga yetib keldi. U olti tomonni shu qadar nurlantirib yoritdiki, men ko’rgan u vahshatlar, u zulmatlar yuz daraja quyuqlashsa ham, u nur ularga qarshi kifoya va yetarli edi. Barcha u dahshatlarni birma-bir tasalliga va u vahshatlarni birma-bir munis holga aylantirdi. Shundayki:

Iymon u vahshatli o’tmish zamonning ulkan mozor suratini yirtib, munis bir majlisi munnavvar va bir do’stu yorlar jamlangan yer ekanini aynal-yaqiyn, haqqal-yaqiyn tarzda ko’rsatdi.

Ham yana iymon, g’aflat nazarida ulkan qabr bo’lib ko’ringan kelajak zamonni, sevimli saodat saroylarida bir Rahmoniy ziyofat majlisi suratida ilmal-yaqiyn tarzda ko’rsatdi.

Ham yana iymon, g’aflat nazarida bir tobut vaziyatida ko’ringan hozirgi zamonni va shu hozirgi kunning tobutlik shaklini parchalab, uni oxiratning bir tijorat do’koni va dabdabali bir musofirxonai Rahmoniy suratida bilmushohada ko’rsatdi.

Ham yana iymon, g’aflat nazarida umr daraxtining eng uchida janoza shaklida ko’ringan yagona mevasi, aslida janoza emasligini, balki abadiy bir hayotga noil va abadiy saodatga nomzod bo’lgan ruhimning, umrini o’tab bo’lib, uyasidan yulduzlarda kezmoq uchun chiqqanini ilmal-yaqiyn tarzda ko’rsatdi.

Ham yana iymon, suyaklarim ila men yaratilgan tuproq, oyoq ostida ahamiyatsiz bo’lib yo’qolib ketadigan suyaklar emasligini, balki ul tuproq, rahmat eshigi va jannat qabulxonasining bir pardasi ekanini sirri iymon ila ko’rsatdi.

Ham yana iymon, g’aflat nazarida, orqamda hechlik va yo’qlik qorong’uliklarida dumalab borayotgan dunyoning vaziyatini sirri Qur`on ila ko’rsatdiki, bu zohiriy zulmatlarda dumalab borayotgan dunyo, vazifasi bitgan, ma`nosini ifodalab bo’lgan,  natijalarini o’z o’rniga vujudda qoldirgan bir qism Samadoniy maktublar va Subhoniy naqshlarning sahifalari ekan. Dunyoning mohiyati nimadan iborat ekanini ilmal-yaqiyn tarzda bildirdi.

Аудио мавжуд эмас