Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 11
(1-46)

O’zimni ovuntirish va yana boshimni g’aflatga suqish uchun Istambulda haddimdan ortiq ko’rganim ijtimoiy maqomimning zavqlariga boqdim, hech bir foydasi bo’lmadi. Ularning jamiki e`tiborlari, iltifotlari, tasallilari yaqinimdagi qabr eshigigacha kela oladi, u yerda so’nadi. Ularni shuhratparastlarning bir g’oyai xayoli bo’lgan shonu-sharafning yaltiroq pardasi ostida yurakni ezuvchi bir riyo, sovuq bir xudfurushlik, vaqtinchalik bir esankirash suratida ko’rib, angladimki, hozirga qadar aldanib kelgan bu ishlarim hech qanday tasalli bera olmas va ularda hech qanday nur yo’q.

To’liq uyg’onish uchun Qur`onning samoviy darsini eshitish niyatida yana Boyazid jome`idagi hofizlarning qiroatini tinglay boshladim. Shunda u samoviy darsdan

 وَ بَشِّرِ الّذِينَ آمَنُوا (ila oxir) kabi qudsiy farmonlar-la xushxabarlar eshitdim. Qur`ondan olganim fayz ila tasallini, najotni, nurni chetdan emas, balki menga dahshat va vahshat va ma`yusiyat bergan nuqtalar ichidan izladim. Janobi Haqqa yuz ming shukrlar bo’lsinki, ayni dard ichida darmonni topdim. Ayni zulmat ichida nurni topdim. Ayni dahshat ichida tasallini topdim.

Eng avvalo, har kimni qo’rqitadigan, eng qo’rqinchli deb xayol qilinadigan o’limning yuziga boqdim... Nuri Qur`on ila ko’rdimki, o’limning niqobi garchi qorong’ilik, qora, xunuk bo’lsa ham, mo’min uchun asl siymosi nuroniydir, go’zaldir. Va ko’p risolalarda bu haqiqatni qat`iy bir suratda isbot etganmiz. Sakkizinchi So’z va Yigirmanchi maktub singari ko’p risolalarda izoh etganimiz kabi, o’lim yo’qlik emas, firoq emas, balki abadiy hayotning muqaddimasidir, mabda`idir va vazifai hayot kulfatidan bir ta`tildir, ozod bo’lishdir, bir makon yangilashdir. Barzox olamiga ketgan ahboblar qofilasiga qovushmoqdir. Va hokazo, bular kabi haqiqatlar orqali o’limning haqiqiy go’zal siymosini ko’rdim. O’limning yuziga qo’rqib emas, balki bir jihatda mushtoqona boqdim. Ahli tariqat nazarda tutadigan robitai mavtning (o’limga bog’lanishning) bir sirrini angladim.

So’ngra zavoli bilan har kimni yig’latuvchi va har kimni o’ziga maftun va mushtoq qiluvchi va gunoh va g’aflat ila kechgan va kechayotgan yoshligimga boqdim. U chiroyli, yaltiroq libosi ichida g’oyat xunuk, sarxush, esankiragan bir yuzni ko’rdim. Agar mohiyatini bilmasaydim, bir necha yil meni mast etib kuldirish evaziga yuz yil dunyoda qolsam, meni yig’latar edi. Negaki, undaylardan biri yig’lab bunday degan:

لَيْتَ الشَّبَابَ يَعُودُ يَوْمًا فَاُخْبِرَهُ بِمَا فَعَلَ الْمَشِيبُ

Аудио мавжуд эмас