Ha, hadisda rivoyat qilinishicha, bashariyatning eng mumtoz shaxsiyatlari bo’lmish yuz yigirma to’rt ming anbiyolarning fikr birligi va tavoturi ila, qisman shuhudga va qisman Haqqal-yaqiynga tayangan holda, ittifoqan, oxiratning mavjudligini va insonlarning u yerga yuborilishini, hamda bu koinot Xoliqi qat`iy va`da qilgan oxiratni keltirishini xabar berganlar. Shuningdek, ularning bergan xabarlarini kashf va shuhud ila ilmal-yaqiyn suratida tasdiqlagan yuz yigirma to’rt million avliyolar oxiratning mavjudligiga keltirgan shahodatlari va bu koinot Soni`i hakiymining barcha ismlarining bu dunyoda ko’rsatgan jilvalari ila bir boqiy olamni yaqqol taqozo qilgani, yana oxiratning mavjudligiga dalolat qiladi. Hamda har yilning bahorida, ro’yi zamindagi tik turgan haddu xisobsiz o’lgan daraxtlarning janozalarini كُنْ فَيَكُونُ "Kun fayakun" amri ila tiriltirib, "Ba`su ba`dal mavt"ga sazovor qilgan va qayta tirilishning yuz minglab namunasi tarzida, o’simliklar toifalaridan va hayvonot millatlaridan uch yuz ming navlarini qayta tiriltirgan bir hadsiz qudrati azaliya va behisob, isrofsiz bir hikmati abadiya va rizqqa muhtoj barcha jonzotlarni kamoli shafqat ila g’oyat xoriqo bir tarzda oziqlantirgan va har bahorda oz bir vaqt ichida ziynat va husnlarining behisob navlarini namoyon etgan boqiy bir rahmat va bir doimiy inoyat yaqqol tarzda oxiratning mavjudligi muqarrar ekanini ko’rsatadi. Va bu koinotning eng mukammal mevasi va koinot Xoliqining eng sevgan san`ati va koinot mavjudotlari ila eng ko’p aloqador bo’lgan insonning shiddatli, mustahkam va doimiy orzusi bo’lgan baqo sevgisi, abadiyatga ishtiyoqi va cheksiz orzulari, yaqqol ishora va dalolat qilib, bu olami foniydan keyin bir olami boqiy va bir dorul-oxirat va bir dorus-saodat borligini shu daraja qat`iy bir suratda isbot etadilarki, oxiratning mavjudligini, dunyoning mavjudligi qadar shubhasiz qabul etmoq darkorligini ko’rsatadi.(Izoh)
Modomiki Qur`oni Hakiymning bizga bergan eng muhim bir darsi, "Iymoni bil-Oxirat"dir. U iymon esa shu daraja quvvatlidir. Va ul iymonda shunday bir umid va bir tasalli borki, bitta shaxsda yuz ming keksalik jamlansa, ul iymondan kelgan tasalli bas kela oladi.
Bas shunday ekan, biz keksalar "Alhamdulillahi ala kamalil iymon" deb keksaligimizga shod bo’lishimiz kerak.
(Izoh) Ha, subutiy bir amrdan xabar berish qanchalik qulay va uni inkor va man qilish g’oyat mushkul ekani quyidagi misoldan ko’rinib turibdi. Shundayki: bir odam: "Mevalari — sut konservalari bo’lgan g’oyat xoriqo bir bog’ yer kurrasida bordir," desa. Boshqasi desaki: "Yo’qdir." Isbot etgan odam, faqatgina uning yerini va yoki ba`zi mevalarini ko’rsatish bilan osongina o’z da`vosini isbotlay oladi.
Inkor etgan odam esa, raddini isbotlamoq uchun butun yer kurrasini ko’rish va ko’rsatish bilan da`vosini isbot qila olishi mumkin. Aynan shuning kabi: Jannatdan xabar berganlar uning yuz minglab qatralarini, mevalarini, ishoralarini ko’rsatishlaridan qat`i nazar, ul jannatning isboti uchun ikki sodiq shohidning shahodati kifoya ekan, uni inkor qiluvchi cheksiz koinotni, hadsiz abadiy zamonni tomosha etgani, ko’rgani va birma-bir qo’lidan o’tkazganidan so’ng inkorini isbotlay olishi, yo’qligini ko’rsata olishi mumkin.
Xullas, ey keksa birodarlar!.. Oxiratga imon keltirishlik naqadar quvvatli ekanini anglangiz.