Mana shu holatda, g’oyat ayanchli va firoqli alamli bir huzun va qayg’u, qalbimga va boshimga cho’mdi. Chunki men, yolg’iz bir-ikki do’stni yo’qotmayapman, balki Istambulda minglab sevimli do’stlarimdan ayrilganim kabi, juda sevganim Istambuldan ham ayrilaman. Dunyodagi yuz minglab do’stlarimdan ayrilganim kabi, juda sevganim va mubtalo bo’lganim shu go’zal dunyodan ham ayrilaman, deya o’ylab yurib, yana qabristondagi o’sha yuksak tepalikka chiqdim. Ora-sira, ibrat uchun kinoga borganimdan va kinoning, o’tmish zamon soyalarini hozirgi zamonga keltirishlik jihatidan, o’lganlarni tirik yurganlar suratida ko’rsatgani kabi, aynan shuningdek, Istambul ichidagi insonlarni men o’sha daqiqada oyoqda yurgan janozalar vaziyatida ko’rdim. Xayolim dediki, modomiki bu qabristondagilardan bir qismi, kinosiga qaralsa, yurgandek ko’rinmoqda ekan, kelajakda qat`iyan bu qabristonga kiruvchilarni, kirib bo’lgan deb tasavvur qil. Ular ham janozalardir, kezib yuribdilar.
Birdan, Qur`oni Hakiymning nuri ila va G’avsi A`zam Shayhi Giyloniy Hazratlarining irshodi ila, u hazin holat sururli va sevinchli vaziyatga aylandi. Shundayki:
Ul hazin holga qarshi Qur`ondan kelgan nur buni eslatdiki: "Sening shimoliy sharqda, Kostromadagi g’urbatingda bir-ikkita asirga tushgan zobit do’stlaring bor edi. Bu do’stlaringni, nima bo’lganda ham Istambulga ketishlarini bilar eding. Sendan bir kishi so’rasaki: "Sen Istambulga ketasanmi, yo’qsa bu yerda qolasanmi?" Albatta, zarracha aqling bo’lsa, Istambulga ketishni xursandlik va surur ila qabul qilarding. Chunki, do’st-yorlaringning mingdan to’qqiz yuz to’qson to’qqizi Istambuldadirlar. Bu yerda bir-ikkitasi qolgan, ular ham u yerga ketadilar. Istambulga borish, sen uchun firoq va alamli bir ayriliq bo’lmaydi. Va nihoyat kelding ham. Mamnun bo’lmadingmi? O’sha dushman mamlakatidagi o’ta qorong’u uzun kechalaringdan va o’ta sovuq bo’ronli qishlardan qutulding. Bu go’zal dunyo jannatidek Istambulga kelding.
Aynan shuningdek, sening bolaligingdan shu yoshga qadar, sevganlaringdan yuzda to’qson to’qqizi, senga dahshat bergan qabristonga ko’chib ketganlar. Bu dunyoda qolgan bir-ikki do’sting bor. Ular ham u yerga ketadilar. Dunyoda vafoting firoq emas, visoldir; ul do’st-yorlarga qovushmoqdir. Ular, ya`ni ul boqiy ruhlar, eskirgan uyalarini tuproq ostiga tashlab, bir qismi yulduzlarda, bir qismi olami barzox tabaqalarida kezib yuradilar deya eslatildi.
Ha, bu haqiqatni Qur`on va iymon shu qadar qat`iy bir suratda isbot qilganki, butunlay qalbsiz va ruhsiz bo’lmasa va yohud zalolat qalbini bo’g’magan bo’lsa, ko’rib turgandek ishonmoq kerak. Chunki bu dunyoni lutf va ehsonlarining hadsiz navlari bilan bunchalar ziynatlab, karamkorona va shafqatkorona Rububiyatini (ya`ni parvarishini) ko’rsatgan va urug’lardek eng ahamiyatsiz juz`iy narsalarni ham muhofaza qilgan bir Soni`i Kariym va Rahiym, O’z asarlarining ichida eng mukammali va eng jomi, eng ahamiyatli va eng sevimli asari bo’lmish insonni, albatta va shubhasiz, suratan ko’ringanidek bunday marhamatsiz, oqibatsiz tarzda yo’q qilib yubormaydi, mahv etmaydi, zoe qilmaydi. Balki bir dehqonning tuproqqa ekkan urug’lari singari, boshqa bir hayotda sumbul berish uchun, Xoliqi Rahiym ul suyukli san`at asarini bir rahmat eshigi bo’lmish tuproq ostiga vaqtincha tashlaydi.(Izoh)
(Izoh) Bu haqiqat, ikki karra ikki to’rt ekanini bilish darajasida, boshqa risolalarda, xususan o’ninchi va Yigirma to’qqizinchi So’zlarda isbot qilingan.