Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 18
(1-46)

Ushbu Qur`oniy eslatmani olgandan so’ng, u qabriston menga Istambuldan ko’ra yaqinroq bo’lib qoldi. Hilvat va yolg’izlik, men uchun suhbat va muosharatdan ko’ra yoqimliroq bo’ldi. Shuning uchun men o’zimga bo’g’oz tarafidagi Sariyerda bir hilvatxona topdim. G’avsi A`zam (R.A.) "Futuhul-g’ayb"i ila menga bir ustoz va tabib va murshid bo’lgani kabi, Imomi Rabboniy ham (R.A.) "Maktubot"i bilan munis bir do’st, bir mushfiq, bir muallim hukmiga o’tdi. O’sha vaqt, keksaya boshlaganimdan va madaniyatning lazzatlaridan o’zimni tiyganimdan va ijtimoiy hayotdan uzilganimdan juda ham mamnun bo’ldim. Allohga shukr qildim.

Xullas, ey men kabi keksalikka qadam qo’ygan va keksalikning eslatmasi bilan vafotini ko’p eslayotgan zotlar!

Qur`on bergan iymon darsining nuri ila, keksalikni va vafotni va xastalikni xush ko’rmog’imiz lozim, hatto bir jihatda sevmog’imiz darkor. Modomiki iymon kabi hadsiz daraja qiymatli bir ne`mat bizda bor ekan, keksalik ham xushdir, xastalik ham xushdir, o’lim ham xushdir. Noxush bir narsa borki, u ham bo’lsa gunohdir, safohatdir, bid`atlardir, zalolatdir.

 

O’N BIRINCHI UMID.

Asoratdan qaytgach, Istambulda Chomlicha (Archazor) tepaligida joylashgan bir ko’shkda marhum jiyanim Abdurahmon bilan birga yashay boshladik. Bu hayotimni dunyoviy jihatdan biz kabilar uchun eng saodatli bir hayot deyish mumkin edi. Chunki asoratdan qutulgan edim, Dorul-Hikmatda ilmiy maslagimga munosib bo’lgan eng oliy bir tarzda ilm nashr qilish uchun sharoit bor edi. Menga qaratilgan obro’-etibor va sharaf haddan ziyod edi. Mavqeimga ko’ra Istambulning eng go’zal bir joyi bo’lmish Chomlichada istiqomat etayotgandim. Ham har narsam mukammal edi. Marhum jiyanim Abdurahmondek g’oyat zakovatli, fidokor, ham bir talaba, ham dastyor, ham kotib, ham ma`naviy avlodim men bilan birga edi. O’zimni dunyoda eng mas`ud deb yurgan o’sha vaqt oynaga boqdim, soch-soqolimda oq tolalarni ko’rdim.

Birdan asoratda, Kostromadagi masjidda ro’y bergan ruhiy holat yana uyg’ona boshladi. Uning asari o’laroq, men qalban bog’langan va dunyoviy saodatga mador deb o’ylagan holatlarni, sabablarni tadqiq qila boshladim. Qay birini tadqiq qilmayin, ko’rdimki: chirikdir, bog’lanishga arzimaydi, aldaydi. O’sha paytlarda eng sadoqatli deb yurgan bir do’stimdan kutilmagan bir sadoqatsizlik va xayolga kelmaydigan bir bevafolik ko’rdim. Dunyo hayotidan hurkmoq holiga tushdim. Qalbimga dedim: "Ajabo, men butunlay aldanganmanmi? Ko’ryapmanki, aslida achinadigan holimizga juda ko’p insonlar havas bilan qaraydilar. Bu insonlarning barchasi devona bo’lganmi? Yo’qsa, hozir men devona bo’ldimmiki, bu dunyoparast insonlarni devonadek ko’ryapman?"

Аудио мавжуд эмас