Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 23
(1-46)

O’N IKKINCHI UMID.

Bir vaqtlar Isparta viloyatining Barla nohiyasida surgun nomi ostida, iskanjali bir asoratda yolg’iz va kimsasiz bir qishloqda odamlar bilan birga bo’lish va suhbatlashish man qilingan bir vaziyatda, ham xastalik, ham keksalik, hamda g’urbat ichra g’oyat parishon bir holda ekanman, Janobi Haq kamoli marhamatidan Qur`oni Hakiymning nuktalariga, sirlariga doir, men uchun tasalli bo’la oladigan bir nur ehson etgandi. Uningla o’sha achchiq, alamli, ayanchli vaziyatimni unitishga urinardim. Vatanimni, do’st-yorlarimni, aqrabolarimni unita olardim. Ammo, vodarig’, bir kishinigina unutolmasdim. U ham bo’lsa, ham jiyanim, ham ma`naviy avlodim, ham eng fidokor talabam, ham eng jasur bir do’stim bo’lgan marhum Abdurahmon edi. Olti-yetti yil avval mendan ajralgan edi. Na u meni qayerdaligimni bilardiki, yordamga kelsa, tasalli bersa va na men uning vaziyatini bilardimki, u bilan aloqa qilsam, dardlashsam. Mening bu keksa vaziyatimda shunday fidokor, sodiq bir inson menga juda zarur edi.

So’ngra birdan bir zot menga maktub berdi. Maktubni ochdim, ko’rdimki, Abdurahmon mohiyatini tom ko’rsatadigan tarzdagi maktub ediki, u maktubning bir qismi "Yigirma ettinchi Maktub"ning jumlalari ichra, uchta yaqqol karomatni ko’rsatadigan bir tarzda joylashtirilgan. U maktub meni ko’p yig’latti va hozirgacha yig’latadi. Marhum Abdurahmon ul maktubida juda jiddiy va samimiy bir suratda dunyoning zavqlaridan nafratlanganini va eng ulkan maqsadi — menga yetishib, bolaligida men unga qaraganimdek, u ham keksaligimda menga xizmat qilmoq ekanini, ham dunyodagi mening haqiqiy vazifam bo’lgan Qur`on sirlarini yoyishda iqtidorli qalami bilan menga yordam qilmoq ekanini bildirgandi. Hatto maktubida: "Yiginma-o’ttiz risolani menga yubor, har biridan yigirma-o’ttiz  nusha yozaman va yozdiraman,"— deb yozgandi.

Ul maktub menga dunyoga nisbatan quvvatli bir umid berdi. Daho darajasidagi zakovatga ega bo’lgan, haqiqiy avloddan ham ziyoda sadoqat va vafo bilan menga xizmat qiladigan bunday jasur talabamni topdim deya, u iskanjali asoratni, u kimsasizlikni, u g’urbatni, u keksalikni unuttim.

Ul maktubdan avval, men chop qildirgan "oxiratga iymon"ga doir "O’ninchi So’z"ning bir nusxasi unga yetib borgan edi. Ul risola unga go’yo bir malham bo’lib, olti-yetti yildan beri olgan barcha ma`naviy yaralariga davo bo’lgan ekan. G’oyat quvvatli va porloq iymon bilan o’z ajalini kutayotgan singari, menga ul maktubni yozgandi. Bir-ikki oy so’ngra Abdurahmon bilan birga dunyoda yana baxtli hayot kechiraman degan tasavvurda yurganimda — vodarig’! — birdan uning vafot xabarini oldim. Bu xabar men uchun shunday zarba bo’ldiki, besh yildan beri hali ham uning ta`siri ostidaman. O’sha vaqt boshimdan kechirayotgan iskanjali asorat va yolg’izlik va g’urbat va keksalik va xastaligim, o’zidan o’n daraja ortiq bir firoq, bir o’kinch, bir qayg’u berdi. Marhuma volidam vafot qilganida mening xususiy dunyoimning yarmi, uning vafoti tufayli vafot etgan derdim. Abdurahmonning vafoti bilan esa qolgan yarmi ham vafot etganini ko’rdim. Dunyodan butunlay aloqam uzildi. Chunki u dunyoda qolganda edi, ham dunyodagi uxroviy vazifamning quvvatli bir yordamchisi va mendan keyin tom o’rnimni bosadigan bir vorisim va hamda bu dunyoda eng fidokor madori tasalliim, bir do’stim bo’lishi mumkin edi. Va eng zakovatli bir talabam, bir suhbatdoshim va Risolai Nur boblarining eng ishonchli bir sohibi va muhofizi bo’lgan bo’lardi.

Аудио мавжуд эмас