Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 26
(1-46)

So’ngra ayon bo’ldiki, Risolai Nur xizmatida va mendan keyin eng loyiq o’rinbosar o’laroq haqiqiy bir voris vazifasini tom ado etadigan Abdurahmon o’rniga, Janobi Haq Mustafoni namuna o’laroq menga yubordiki, "Sendan bir Abdurahmonni oldim, evaziga sen ko’rib turgan shu Mustafo kabi o’ttiz Abdurahmonni shul diniy vazifada senga ham talaba, ham jiyan, ham ma`naviy avlod, ham qardosh, ham fidokor yelkadosh qilib beraman."

Ha, lillahilhamd, o’ttiz Abdurahmonni berdi. O’sha vaqt dedim: "Ey yig’lagan qalbim! Modomiki bu namunani ko’rding va u orqali ma`naviy yaralarning eng kattasini davoladi, shunday ekan, boshqa barcha seni iztirobga solgan yaralarni ham davolashiga qanoat hosil qilishing darkor."

Xullas, ey men kabi keksalik zamonida g’oyat sevgan avlodini va yo aqrabosini yo’qotgan, hamda keksalikning og’ir yuki beliga yuklanish bilan birga ayriliqdan kelgan og’ir g’amlar boshiga tushgan keksa qardoshlar! Mening vaziyatimni angladingizki, siznikidan ancha shiddatli bo’lgani holda, modomiki bir oyati karima davo va shifo bo’lgan ekan, albatta Qur`oni Hakiymning muqaddas dorixonasida, barcha dardlaringizga shifo beradigan darmonlar bor. Agar iymon ila unga murojaat etib va ibodat ila ul darmondan iste`mol qilsangiz, belingizdagi va boshingizdagi shu keksalikning va g’amlarning og’ir yuklari nihoyatda yengillashajak.

Bu bahsning uzun yozilishining siri, marhum Abdurahmonga ko’proq rahmat duosini qildirish orzusidadir. Sizni zeriktirmasin. Ham sizni balki yanada alamga soladigan eng achchiq va nafrat berib bezdiradigan eng dahshatli yaramni g’oyat noxush, alamli bir suratda sizga ko’rsatmoqdan maqsadim, Qur`oni Hakiymning muqaddas malhami qay daraja ajoyib bir darmon va porloq bir nur ekanini ko’rsatmoqdir.

O’N UCHINCHI UMID.(*)

Bu Umidda hayot sarguzashtlarimning muhim bir lavhasidan bahs etaman. Shuning uchun har holda uzun bo’ladi. Zerikmasligingizni va ranjimasligingizni xohlardim.

BIRINCHI Jahon urushida Rusning asoratidan qutulganimdan so’ng, Istambulda din xizmati meni ikki-uch yil Dorul-Hikmatda qolishimga majbur qildi. So’ngra, Qur`oni Hakiymning irshodi va G’avsi A`zamning himmati va keksalikning turtkisi ila Istambulda shahar hayotidan zerikish va dabdabali ijtimoiy hayotga bir nafrat uyg’ondi. Doussilo deb atalmish, Vatanga bo’lgan ishtiyoq hissi meni Vatanimga tortdi. Modomiki bir kun o’laman, Vatanimda o’lay deya Vanga ketdim.



(*)Latif bir tavofuqdirki, bu O’n Uchinchi Umidda bahs etilgan madrasa hodisasi, o’n uch yil avval bo’lgan.

Аудио мавжуд эмас