Qadimdan beri shoirlar she`rlarida do’st-yorlari bilan ko’rishgan manzillarining zamon o’tishi bilan xarobaga aylanganiga yig’laganlar. Buning eng g’urbatli lavhasini ham o’z ko’zim bilan ko’rdim. Ikki yuz yildan so’ng g’oyat sevgan do’stlarning istiqomatgohiga duch kelgan odamning qayg’usi ila ham ruhim, ham qalbim ko’zimga yordamlashib yig’ladilar. Shu vaqt ko’z o’ngimda xarobazorga aylangan yerlarning, g’oyat obod va jo’shqin va sevinchli va sururli bir suratda bo’lgan paytlari, yigirma yilga yaqin eng totli bir hayotda, darslar qilib qiymatdor talabalarim bilan birga kechirgan hayotimning ul shirin sahifalari birma-bir, kino lavhalari kabi ko’z o’ngimda jonlanib, so’ngra vafot etib ketayotgandek xayolimda ancha muddat davom etdi.
O’sha vaqt ahli dunyoning holiga juda taajjublandim, qanray qilib o’zlarini aldaydilar? Chunki u vaziyat dunyoning batamom foniy ekanini va insonlar ham ichida musofir ekanini yaqqol ko’rsatdi. Ahli Haqiqatning doimo "Dunyo g'addordir, makkordir, fanodir, aldanmangiz," deyishlari naqadar to’g’ri ekanini ko’zim bilan ko’rdim. Ham inson qanchalik jismiga, xonadoniga bog’liq bo’lsa, shunchalik mahalla, mamlakatiga, balki dunyosiga ham bog’liq ekanini o’zim ham ko’rdim. Chunki men vujudim e`tibori ila keksalik achchig’idan ikki ko’zim bilan yig’lasam, madrasamning faqat keksaligidan emas, balki vafot qilgani uchun o’nta ko’z bilan yig’lamoq istardim. Va ul shirin Vatanimning yarmi o’lgani tufayli yuzta ko’z bilan yig’lashga ehtiyojim bor edi.
Hadis rivoyatida bordirki, har tongda bir maloika لِدُوا لِلْمَوْتِ وَابْنُوا لِلْخَرَابِ deb chaqiradi. Ya`ni, "O’lmoq uchun tavallud topib dunyoga kelasizlar; xarob bo’lishi uchun binolar qurasizlar," deydi. Mana shu haqiqatni qulog’im bilan emas, ko’zim bilan eshitayotgandim.
Ha, ul vaziyatim o’sha vaqt meni qanchalar yig’latgan bo’lsa. O’n yildirki, xayolim ul vaziyatni eslaguncha yana yig’laydi. Ha, minglab yil yashagan ul ko’hna qal`a tepasidagi manzillarning xarob bo’lishi va uning ostidagi shaharning sakkiz yil davomida sakkiz yuz yilchalik keksayishi va qal`a ostidagi g’oyat hayotdor va do’st-yorlarni jamlovchisi bo’lmish madrasamning vafoti, umum Usmonli Davlatidagi barcha madrasalarning vafotini ko’rsatuvchi jasadining ma`naviy azamatiga ishora o’laroq, buyuk Van Qal`asining yakpora toshi, unga bir mozor toshi bo’lgandi. Go’yo ul madrasadagi, sakkiz yil avval men bilan birga bo’lgan marhum talabalarim, qabrlarida men bilan birga yig’lamoqdalar. Va ularni yig’layotgandek ko’rdim.