Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 27
(1-46)

Har narsadan avval Vandagi Xo’rxo’r deb atalgan madrasamni ziyorat qildim. Ko’rdimki, boshqa Van uylari kabi uni ham rus istilosida armanilar yoqib yuborgan edi. Vanning mashhur qal`asi tog’ kabi bir butun toshdan iborat. Mening madrasam shundoqqina uning ostida va unga tutashgan edi. Yetti-sakkiz yil avval men tark etgan u madrasadagi Haqiqiy do’st, birodar, munis talabalarim xayolan ko’z o’ngimga keldi. Ul fidokor do’stlarimning bir qismi haqiqiy shahid, boshqa bir qismi esa o’sha musibat tufayli ma`naviy shahid o’laroq vafot etgan edilar.

Men yig’idan o’zimni to’xtatolmadim. Va qal`aning madrasaning ustidagi ikki minora balandligida madrasaga qaragan tepasiga chiqdim, o’tirdim. Yetti-sakkiz yil avvalgi zamonga xayolan ketdim. Xayolim quvvatli bo’lgani uchun meni u zamonda ancha kezdirdi. Atrofda hech kimsa yo’q ediki, meni u xayoldan qaytarsa va u zamondan tortsa. Chunki yolg’iz edim. Ko’zimni ochishim bilan, yetti-sakkiz yil mobaynida, bir asr vaqt o’tgandek o’zgarishlar ko’rdim. Qarasam, mening madrasam atrofidagi shahar ichida, qal`adek joyi butunlay boshdan oyoq yondirilgan, xarob qilingan edi. Avvalgi ko’rganimdan hozirgi ko’rganimgacha, go’yo ikki yuz yil so’ngra dunyoga qayta kelgandek, hazin nazar bilan boqdim. U uylardagi odamlarning ko’pi bilan do’st va ahbob edim. Ko’pchilik qismi, Alloh rahmat qilsin, muxojirlikda vafot etgan, g’urbatda parishon bo’lgandilar. Ham armani mahallasidan boshqa, Vanning barcha musulmonlarining uylari xarob qilinganini ko’rdim. Qalbim ich-ichidan yig’ladi. Shu qadar achintirdiki, minglab ko’zim bo’lganda baravariga yig’lardi. Men o’zimni g’urbatdan Vatanimga qaytdim, g’urbatdan qutuldim deb o’ylardim. Vo afsus, g’urbatning eng dahshatlisini Vatanimda ko’rdim. "O’n ikkinchi Umid"da bahsi o’tgan Abdurahmon kabi, ruhimda yuzlab talabalarimni, do’stlarimni qabrda hamda ahboblarning yerlarini xarobazor ko’rdim.

Anchadan beri xotirimda yurgan bir zotning bir jumlasi bor edi. Tom ma`nosini anglab yetolmasdim. Bu qayg’uli lavha qarshisida tom ma`nosini ko’rdim. Jumla shudir:

لَوْلاَ مُفَارَقَةُ اْلاَحْبَابِ مَا وَجَدَتْ لَهَا الْمَنَايَا اِلَى اَرْوَاحِنَا سُبُلاً

Ya`ni: "Agar do’stlardan firoq bo’lmasaydi, o’lim ruhlarimizga yo’l topolmasdiki, kelib olsa." Demak, eng ziyoda insonni o’ldirgan narsa do’st-yorlardan ayriliqdir. Ha, hech bir narsa meni o’sha vaziyatchalik kuydirmagan, yig’latmagan. Agar Qur`ondan, iymondan madad kelmasaydi, u g’am, u tashvish, u qayg’u ruhimni sug’urgandek ta`sir qilgan bo’lardi.

Аудио мавжуд эмас