Lemalar lot | Yigirma Oltinchi Lam’a | 38
(1-46)

Bir oz muddatdan so’ng, Risolai Nurning yashirin dushmanlari, Nurlarning g’alabasiga chidolmadilar. Hukumatni bizga qarshi tashviq qildilar. Yana hayot menga og’ir kela boshladi. Birdan Rabboniy inoyat porladi. Eng ziyoda Nurlarga muhtoj mutasaddi davlat xodimlari, vazifalari e`tibori ila, musodara qilingan Nur Risolalarini kamoli qiziqish va diqqat ila mutolaa qildilar. Biroq Nurlar ularning qalblarini o’ziga tarafdor ayladi. Tanqid o’rniga taqdirlay boshlaganlaridan Nur darsxonasi yanada kengaydi. Moddiy zararimizdan yuz barobar ko’proq manfaat berdi, siquvchi tashvishlarimizni yo’qqa chiqardi.

Bundan so’ng yashirin dushman munofiqlar hukumatning diqqat nazarini mening shaxsimga qaratdilar, eski siyosiy hayotimni xotirlatdilar. Ham adliyani, ham ma`orif doirasini, ham xavfsizlik xizmatini, ham ichki ishlar vakillarini vahimaga soldilar. Partiyalarning jarayonlari va kommunist pardasi ostidagi anarxistlarning teskari tashviqlari tufayli u vahima yanada keng tus oldi. Bizni tazyiq qilib va to’xtatib va qo’llariga tushgan risolalarni musodara qila boshladilar. Nur shogirdlarining faoliyatida to’xtash yuz berdi. Mening shaxsimni badnom qilish fikrida bir qism rasmiy ma`murlar, hech kimsa ishonmaydigan tuxmatlar qildilar. Juda ajib bo’xtonlarni yoyishga urindilar. Biroq hech kimsani ishontirolmadilar.

So’ngra, juda oddiy bahonalar bilan qish chillasining eng shiddatli sovuq kunlarida meni ushlab, katta va nihoyatda sovuq va ikki kun o’choqsiz bir kameraga yolg’iz o’zimni qamab qo’ydilar. Men o’zimning kichik xonamda kuniga bir necha marta o’choqqa o’t yoqardim va doimo o’chog’imda cho’g’ turgani holda, zaifligim va xastaligim tufayli zo’rg’a chidab turardim. Hozir bu vaziyatda ham sovuqdan tutgan bezgak, ham dahshatli bir siqilish va g’azab ichra behalovat bo’lib turganimda, Allohning inoyati ila bir haqiqat qalbimda kashf bo’ldi. Ma`nan:

Sen qamoqqa "Madrasai Yusufiya" nomini bergansan. Ham Dengizli qamog’ida zahmatlarimizdan ming bor ziyoda ham sevinch, ham ma`naviy foyda, ham u yerdagi mahbuslarning Nurlardan istifoda qilishlari, ham katta doiralarda Nurlarning g’alabasi kabi natijalar sizga shikoyat o’rniga minglab shukr qildirdi. Har bir soatdagi mahbuslik va zahmatingizni o’n soatlik ibodat hukmiga keltirdi, u foniy soatlarni boqiylashtirdi. InshoAlloh, bu uchinchi Madrasai Yusufiyadagi musibatzadalarning Nurlardan istifoda qilishlari va tasalli topishlari sening bu sovuq va og’ir zahmatlaringni haroratlantirib sevinchlarga aylantiradi. Va sen g’azablangan odamlar, agar aldangan bo’lsalar, bilmay senga zulm qilmoqda, ular g’azabga loyiq emas. Agar bilib turib va g’araz bilan va zalolat tarafida turib seni ranjitayotgan bo’lsalar, ular juda yaqin bir zamonda o’limning abadiy qatli ila qabrning bir kishilik qamog’iga kirib doimiy alamli azob chekadilar. Sen ularning zulmi tufayli ham savob, ham foniy soatlaringni boqiylashtirmoqni, ham ma`naviy lazzatlarni, ham ilmiy va diniy vazifangni ixlos bilan bajarishni qozonyapsan!" deya ruhimga eslatildi.

Аудио мавжуд эмас