mektubot | BIRINCHI MAKTUB | 2
(1-9)

To’rtinchi hayot tabaqasi: shahidlar hayotidir. Qur`onning xabariga ko’ra, shahidlarning qabr ahlidan yuksak bo’lgan hayot tabaqalari bor. Ha, shahidlar dunyoviy hayotlarini haq yo’lida fido etganlari uchun, Janobi Haq kamoli karamidan ularga dunyoviy hayotga o’xshash, faqat g’am-tashvishsiz, zahmatsiz bir hayotni barzox olamida (ya`ni qabr olamida) ularga ehson etadi. Ular o’zlarini o’lgan deb bilmaydilar. Faqat, o’zlarini yanada yaxshi bir olamga ketgan deb biladilar. Kamoli saodat-la lazzatlanadilar. O’limdagi firoq achchig’ini his qilmaydilar. Qabr ahlining garchi ruhlari boqiy bo’lsa-da, biroq o’zlarini o’lgan deb biladilar. Barzoxda olgan lazzat va saodatlari shahidlarning lazzatiga yetmaydi.

Misol uchun, ikki odam bir tushda jannatdek go’zal bir saroyga kiradilar. Biri tush ko’rayotganini biladi. Olgan lazzat va rohati nuqsonlidir. «Men uyg’onsam bu lazzat qochadi,» deya o’ylaydi. Boshqasi tush ko’rayotganini bilmaydi. Haqiqiy lazzat ila haqiqiy saodatga erishadi.

Darhaqiqat, barzox olamidagi mayyitlar va shahidlarning barzox hayotidan bahramand bo’lishlari mana shunday farqlidir. Shahidlarning bu hayot tarziga sazovor bo’lishlari va o’zlarini sog’ deb bilishlari hadsiz voqealar va rivoyatlar bilan sobit va qat`iydir. Hatto, «Sayyidush Shuhado» (shahidlar ilg’ori) bo’lmish Hazrati Hamza Roziyallohu Anh ko’p marta o’ziga iltijo qilgan odamlarni muhofaza etgani va dunyoviy ishlarini bajargani va bajartirgani kabi ko’p voqealar-la bu hayot tabaqasi yoritilgan va isbotlangan.

Hatto, o’zimdan misol, mening Ubayd ismli bir jiyanim va talabam bor edi. U mening yonimda va mening o’rnimga shahid bo’lgandan so’ng, u yerdan uch oylik uzoqlikda asir bo’lgan chog’imda, uning dafn yeridan bexabar holda ko’rgan bir sodiq tushimda, yer osti manzili suratida bo’lgan uning qabriga kirgandim. Uni shahidlar hayot tabaqasida ko’rdim. U meni o’lgan deb bilar ekan. Men uchun ko’p yig’laganini so’yladi. O’zini hayot deb bilar, faqat Ruslarning istilosidan chekingani uchun yer ostida o’ziga go’zal bir maskan qurganmish. Mana shu juz`iy tush, ba`zi sharoit va alomatlar ila, yuqoridagi haqiqatning tasdig’i o’laroq, menga shuhud darajasida bir qanoat bergandi.

Аудио мавжуд эмас