Mana shu eng quyi hayot tabaqasida bo’lgan o’simlik hayotining o’limi bu kabi yaralishning o’zginasi va hikmatli va intizomli bo’lsa, hayot tabaqasining eng yuksagi bo’lmish inson hayotining boshiga kelgan o’lim ham.., albatta yer ostiga kirgan bir danak havo olamida bir daraxt bo’lgani kabi, yer ostiga kirgan bir inson ham, olami barzoxda, albatta boqiy hayot niholini berajakdir.
Ammo, o’lim ne`mat ekanligiga kelsak, buning ko’p jihatlaridan to’rt jihatiga ishora qilamiz.
Birinchisi: Og’irlashib qolgan hayot vazifasidan va hayot majburiyatlaridan ozod bo’lib, yuzdan to’qson to’qqiz do’st-yorlariga qovushish uchun, barzox olamidagi bir visol eshigi bo’lgani tufayli, eng katta ne`matdir.
Ikkinchisi: Tor, diqqinafas, sertashvish, beqaror bu dunyo zindonidan chiqib, keng, sururli, iztirobsiz, boqiy bir hayotga sazovor bo’lib, Mahbubi Boqiyning doirai rahmatiga kirmoqdir.
Uchinchisi: Keksalik kabi, hayot sharoitini og’irlashtirgan bir qancha sabablar bordirki, o’limni hayotdan ko’ra a`lo ne`mat o’laroq ko’rsatadi. Masalan, juda keksaygan padar va volidang bilan birga bobongning bobolari, seni iztirobga solgan og’ir hollarida, hozir sening oldingda bo’lsaydi, hayot naqadar uqubat, o’lim naqadar ne`mat ekanini bilarding.
To’rtinchisi: Uyqu qanday bir rohat, bir rahmat, bir istirohat bo’lsa. Ayniqsa musibatzadalar, yaradorlar, xastalar uchun. Xuddi shuningdek, uyquning katta og’asi bo’lmish o’lim ham musibatzadalarga va o’zini o’ldirishga undovchi balolarga mubtalo bo’lganlar uchun ayni ne`mat va rahmatdir. Ammo zalolat ahli uchun, ko’p So’zlarda qat`iyan isbotlangani kabi, o’lim ham hayot kabi uqubat ichra uqubat, azob ichra azobdir. Ular bahsimizdan xorijdir.
UCHINCHI SAVOL: Jahannam qaerda?
Aljavob: قُلْ اِنَّمَا الْعِلْمُ عِنْدَ اللّهِ { لاَ يَعْلَمُ الْغَيْبَ اِلاَّ اللّهُ Jahannamning joyi, ba`zi rivoyatlarga ko’ra, taxtal-arz (ya`ni, yer ostida) deyilgan. Boshqa yerlarda bayon qilganimiz kabi, Yer kurrasi o’zining yillik harakati bilan kelajakda mahshargohga aylanuvchi maydonning atrofida bir doira chizadi. Jahannam esa, Yerning yillik doirasi ostidadir, demakdir. Ko’rinmasligi va sezilmasligi esa, to’silganligi va nursiz otash bo’lgani uchundir. Yer kurrasi sayohat qilayotgan azim masofada juda ko’p maxluqot borki, nursiz bo’lganlari uchun ko’rinmaydilar. Oyga nur tushmasa vujudi ko’rinmay qolgani kabi, nursiz ko’p kurralar, maxluqotlar ko’z o’ngimizda bor bo’lib ko’rolmaymiz.