mektubot | BIRINCHI MAKTUB | 7
(1-9)

Masalan, shu go’zal ziynatli xonaning to’rt devorida to’rtovimizga oid to’rt  andom oynasi bo’lsa, u vaqt beshta xona bo’ladi. Biri haqiqiy va umumiy, to’rti misoliy va xususiy... Har birimiz o’z oynamiz vositasida xususiy xonamizning shaklini, hay`atini, rangini o’zgartira olamiz. Qizil bo’yoq bersak, qizil, yashilga bo’yasak, yashil ko’rsatadi va hokazo... Oynadagi o’z tasarrufimiz bilan ko’p vaziyatlar bera olamiz. Xunuklashtirish, go’zallashtirish kabi ko’p shakllarga kirita olamiz. Biroq haqiqiy va umumiy xonani osonlikcha tasarruf qilib o’zgartirolmaymiz. Xususiy xona bilan umumiy xona haqiqatda bir-birining ayni bo’lsa-da, hukmda boshqa-boshqadir. Sen bir barmoq bilan xonangni xarob qila olasan, narigisini esa bir toshini ham qimirlatolmaysan.

Xullas, dunyo ziynatli bir xonadir. Har birimizning hayotimiz bir andom oynasidir. Shu dunyodan har birimizda aks etgan bittadan dunyo bor, bittadan olamimiz bor. Biroq, ustuni, markazi, eshigi o’z hayotimizdir. Balki u xususiy dunyomiz va olamimiz bir sahifa, hayotimiz esa bir qalam bo’lib, uning vositasida amal daftarimizga o’tadigan ko’p narsalar yoziladi. Agar dunyomizni sevgan bo’lsak, keyinroq ko’rdikki, dunyomiz hayotimiz ustida bino qilingani uchun hayotimiz kabi o’tkinchi, foniy, qarorsiz ekanki, buni his qilib bildik. Unga oid muhabbatimiz, endi, shu xususiy dunyomizni porlatgan va unda aks etgan Ilohiy ismlarning go’zal naqshlariga yuzlanadi. Undan ismlarning jilvasiga o’tadi. Nihoyat, ul xususiy dunyomiz oxirat va jannatning vaqtinchalik ko’chatzori ekanini idrok etib, unga bo’lgan shiddatli hirs va talab va muhabbat kabi hislarimizni uning natijasi va samarasi va mahsuli bo’lmish oxiratdagi foydalariga qaratsak, o’shanda ul majoziy ishq haqiqiy ishqqa aylanadi.

Yo’qsa, نَسُوا اللَّهَ فَاَنْسَيهُمْ اَنْفُسَهُمْ اُولئِكَ هُمُ الْفَاسِقُون siriga mos kelib, kimligini unutib, hayotining zavolini o’ylamay, xususiy, qarorsiz dunyosini xuddi umumiy dunyo kabi sobit bilib, o’zini mangu deb faraz qilib dunyoga otilsa, shiddatli hislari bilan yopishsa, unga ko’milib bo’g’iladi. Ul muhabbat u uchun hadsiz balo va azob bo’ladi. Chunki ul muhabbatdan etimona bir shafqat, ma`yusona bir achinish hosil bo’ladi. Barcha jonzotlarga achinadi. Hatto, go’zal va zavolga duchor barcha maxluqotga nisbatan bir achinish va ayriliq his qiladi, qo’lidan hech narsa kelmaydi, mutlaqo tushkunlikda alam chekadi.

Аудио мавжуд эмас