mektubot | BIRINCHI MAKTUB | 6
(1-9)

Ham, bir Fotiri Hakiymki, tog’dek katta bir daraxtni tirnoqdek bir danakda jo qilib saqlaydi. Albatta, yer kurrasining qalbidagi kichik jahannam urug’ida katta jahannamni saqlash ham u Zoti Zuljalolning qudrat va hikmatidan uzoq emasdir.

Alhosil: Jannat va Jahannam – yaratilish daraxtidan o’sib, abadiyat tarafiga egilib uzanib ketgan bir shoxning ikki mevasidir. Mevaning joyi esa shoxning oxirida bo’ladi. Ham shu koinot silsilasining ikki natijasidir. Natijalarning yeri silsilaning ikki tarafida bo’ladi. Jirkanchi, yaramasi pastki tarafida; nuroniysi, oliysi yuqori tarafida bo’ladi. Ham shu amallar oqimining va yerning ma`naviy mahsulotining ikki maxzanidir. Maxzanning makoni esa, mahsulotning naviga ko’ra, yomoni ostida, yaxshisi ustida bo’ladi. Ham abadiyat tomon jarayon etgan va to’lg’anib borayotgan mavjudotlar oqimining ikki xovuzidir. Xovuzning o’rni esa, oqimlar to’xtagan va to’plangan yerda bo’ladi. Ya`ni, iflosi va cho’kindilari tubida, pok va sof qismi yuqorida bo’ladi. Ham lutf va qahrning, rahmat va azamatning ikki tajalligohidir. Tajalligoh esa, har yerda bo’lishi mumkin. Rahmoni Zuljamol va Qahhori Zuljalol qaerga istasa tajalligohini ochadi.

Ammo Jannat va Jahannamning mavjudligi esa O’ninchi va Yigirma Sakkizinchi va Yigirma To’qqizinchi So’zlarda g’oyat qat`iy bir suratda isbot etilgan. Bu yerda yolg’iz shuni aytamizki, mevaning mavjudligi shoxi qadar va natijaniki silsila qadar va maxzanniki mahsuloti qadar va xovuzniki irmoq qadar va tajalligohniki rahmat va qahrning mavjudligi qadar qat`iy va shubhasizdir.

TO’RTINCHI SAVOL: Mahbublarga bo’lgan ishqi majoziy ishqi haqiqiyga aylangani kabi, ajabo, aksar insonlarda bor bo’lgan dunyoga nisbatan ishqi majoziy ham ishqi haqiqiyga aylanishi mumkinmi?

Aljavob: Ha, dunyoning foniy yuziga qaragan ishqi majoziy, agar u ishq, ul yuzning ustidagi zavol va fano chirkinligini ko’rib, undan yuzini o’girsa, boqiy bir mahbub izlasa, dunyoning nihoyatda go’zal va Ilohiy ismlarga oyna va oxirat ekinzori bo’lmish boshqa ikki yuziga boqishga muvaffaq bo’lsa, u noshar`iy bo’lgan majoziy ishq o’sha vaqt haqiqiy ishqqa aylana boshlaydi. Faqat bir shart bilanki, o’zining o’tkinchi va hayoti bilan bog’liq beqaror dunyosini tashqi dunyo bilan chalkashtirmaslikdir. Agar zalolat va g’aflat ahllari kabi o’zini unutib, uzoqlarga sho’ng’ib, umumiy dunyoni xususiy dunyosi deb o’ylab unga oshiq bo’lsa, tabiat botqog’iga tushib bo’g’iladi, magarki, mo’`jiza yuz berib, bir inoyat qo’li uni qutqarmasa. Shu haqiqatni oydinlatuvchi bu misolga boq.

Аудио мавжуд эмас