mektubot | UCHINCHI MAKTUB | 2
(1-4)

So’ngra Oyga boqdim;  وَالْقَمَرَ قَدَّرْنَاهُ مَنَازِلَ حَتَّى عَادَ كَالْعُرْجُونِ الْقَدِيمِ oyati g’oyat porloq bir nuri i`jozni ifodalayotganini ko’rdim. Ha, oyning taqdiri va tadviri, tadbiri va tanviri hamda zaminga va quyoshga nisbatan g’oyat aniq bir hisob bilan berilgan vaziyati shu qadar hayratomuz, shu qadar ajoyibdirki, «Uni shunday nizom va taqdirga solgan bir Qodiyrga hech bir narsa og’ir kelmaydi, uni bunday yaratgan har narsani yarata oladi», degan fikrni uni tamosha qilgan har bir ongliga dars beradi. Ham shunday bir tarzda quyoshni ta`qib qiladiki, bir soniya ham yo’lini yo’qotmaydi, vazifasidan zarra miqdor ortda qolmaydi. Diqqat bilan boqqanga سُبْحَانَ مَنْ تَحَيَّرَ فِى صُنْعِهِ الْعُقُولُ  dediradi.

Xususan may oyining oxirida bo’dganidek, Oy, ba`zi vaqtlarda, ingichka hilol shaklida Surayyo manziliga kirgan payt, xurmo daraxtining egilgan oppoq bir shoxi suratini va Surayyo uning bir shingili suratini ko’rsatganidan, u yashil samo pardasi orqasida nuroniy ulkan bir daraxtning vujudini xayolga keltiradi. Go’yo, ul daraxtdan bir shoxining o’tkir bir uchi u pardani teshgan, bir shingil mevasi bilan birga boshini chiqargan, Surayyo va hilol bo’lgan... Va boshqa yulduzlar ham ul g’aybiy daraxtning mevalari ekanini xayolga talqin etadi. Mana كَالْعُرْجُونِ الْقَدِيمِ tashbihining latofatini va balog’atini ko’r.

So’ngra هُوَ الَّذِى جَعَلَ لَكُمُ اْلاَرْضَ ذَلُولاً فَامْشُوا فِى مَنَاكِبِهَ oyati xotirimga keldiki, Zamin itoatli bir kema, bir markab (ulov) ekaniga ishora qiladi. Ul ishoratdan, o’zimni fazoi koinotda sur`at bilan harakat etayotgan juda ulkan kemaning yuksak bir mavqeida ko’rdim. Ot va kema kabi bir markabga minilganda o’qish sunnat bo’lgan
 
سُبْحَانَ الَّذِى سَخَّرَ لَنَا هذَا وَمَا كُنَّا لَهُ مُقْرِنِينَ  oyatini o’qidim.

Ham ko’rdimki, Yer kurrasi shu harakati bilan kino lavhalarini ko’rsatuvchi bir uskuna vaziyatini olib, butun samovotni harakatga keltirdi, butun yulduzlarni muhtasham bir lashkardek olg’a boshladi. Shundayin shirin va yuksak manzaralarni ko’rsatdiki, ahli fikrni mast va hayron qiladi. «Fasubhanalloh! – dedim, – naqadar oz bir sarfiyot bilan naqadar ko’p va buyuk va ajib va g’arib, oliy va qiymatli ishlar bajarilmoqda!» Shu nuqtai nazardan iymonning ikki nozik nuktasi xotiraga keldi:

Аудио мавжуд эмас