Birinchisi. Bir necha kun avval bir mehmonim menga savol berdi. U shubhali savolning asosi shuki: Jannat va Jahannam juda ham uzoqdadir. Boringki, ahli jannat Allohning lutfi ila chaqmoq va buroq kabi uchib mahshardan o’tadilar, Jannatga kiradilar. Ammo, ahli jahannam qo’pol jasadlari va ulkan va og’ir gunohlarning yuklari ostida qanday qilib yetib boradilar? Qaysi vosita bilan?
Xotiraga kelgan narsa shudir: Masalan, Amerikaga barcha millatlar umumiy bir kongresga da`vat etilsa, har bir millat o’zining katta kemasiga minib u yerga boradi. Xuddi shuning kabi, koinotning keng ummonida bir yilda yigirma besh ming yillik uzun masofada sayohat qilishga odatlangan Yer kurrasi aholisini olib borib mahshar maydoniga bo’shatadi. Hamda, har o’ttiz uch metrida harorat bir daraja ziyodalashib borishining dalolatiga ko’ra, yerning markazida bo’lgan, jahannam otashining hadisda bayon qilingan harorat darajasiga muvofiq ikki yuz ming daraja haroratga ega bo’lgan, hamda hadisning rivoyatiga ko’ra, dunyoda va barzoxda katta jahannamning ba`zi vazifalarini o’tagan shu otashini Jahannamga to’kadi. So’ngra amri Ilohiy ila yanada go’zal va boqiy bir suratga aylanadi, oxirat olamining bir manzili bo’ladi.
Xotiraga kelgan ikkinchi nukta: Soniyi Qodiyr, Fotiri Hakiym, Vohidi Ahad kamoli qudratini va jamoli hikmatini va dalili vahdatini ko’rsatmoq uchun, juda oz bir narsa bilan ko’p ishlarni qilishni, juda kichik bir narsa bilan juda ulkan vazifalarni bajartirishni odat qilgan. Ba`zi So’zlarda degandimki: Agar barcha narsalar bitta zotga havola qilinsa, vujub darajasida bir yengillik, bir osonlik paydo bo’ladi. Agar bir narsa bir necha yaratuvchilarga, sabablarga havola qilinsa, mahol darajasida bir qiyinchilik, bir mushkullik o’rtaga tushadi. Chunki bir zobit yo bir usta kabi birgina zot, ko’p askarlarga va ko’p toshlarga bir buyruq bilan, bir harakat bilan va osonlik bilan bir vaziyat berib, bir natija hosil qiladiki, agar ul vaziyatni olish va ul natijani hosil qilish u lashkardagi askarlarga va u ustunsiz gumbazdagi toshlarga havola qilinsa, juda ko’p mehnat bilan, juda ko’p mushkilot bilan, juda ko’p chalkashliklar bilan zo’rg’a amalga oshishi mumkin.