mektubot | TO’QQIZINCHI MAKTUB | 3
(1-4)

Ham yana, masalan, shiddatli bir qaysarlik bilan, ahamiyatsiz, zavolli, foniy ishlarga ul hissiyotini sarflaydi. Ko’radiki, bir daqiqa qaysarlik qilishga arzimaydigan bir narsaga bir yil qaysarlik qilmoqda. Ham zararli, zaharli bir narsaga qaysarlik bilan sabot ko’rsatmoqda. Ko’radiki, bu quvvatli his bunday narsalar uchun berilmagan ekan; uni bular uchun sarf qilish hikmat va haqiqatga zid ekan. U shiddatli qaysarlikni bu keraksiz zavol topguvchi ishlarga bermay, oliy va boqiy bo’lgan Iymon haqiqatlariga va Islom asoslariga va oxiratga oid xizmatlarga sarf etadi. U razil xislat bo’lgan majoziy qaysarlik go’zal va oliy xislat bo’lgan haqiqiy qaysarlikka, ya`ni haq yo’lida shiddatli sabotga aylanadi.

Mana shu uch misol kabi, insonlar insonga berilgan ma`naviy jihozlarni agar nafs va dunyo uchun iste`mol qilsa va dunyoda abadiy qoladiganday g’ofilona ish tutsa, razil axloqlarga va isroflarga va bema`ni ishlarga sabab bo’ladi. Agar yengillarini dunyo ishlariga va shiddatlilarini uxroviy va ma`naviy vazifalariga sarf etsa, tahsinga sazovor axloqlarga manba bo’lib, hikmat va haqiqatga muvofiq o’laroq ikki dunyo saodatiga sabab bo’ladi.

Men tahmin qilamanki, nasihatgo’ylarning nasihatlari bu zamonda ta`sirsiz qolganining bir sababi shudirki, ular axloqsiz insonlarga qarab: «Hasad qilma! Hirs qo’yma! Adovat qilma! Qaysarlik qilma! Dunyoni sevma!» – deydilar. Ya`ni, «fitratingni o’zgartir» degandek, zohiran ularning toqati ko’tarmaydigan bir taklif qo’yadilar. Agar, «Ularning yuzlarini xayrli narsalarga qaratingiz, oqimini o’zgartiringiz» – desalar, ham nasihat ta`sir qiladi, ham ixtiyorlari doirasidagi bir amri-taklif bo’ladi.

To’rtinchidan: Islom ulamolari o’rtasida «Islom» va «iymon»ning farqlari ko’p bahslarga sabab bo’lgan. Bir qismi «Ikkisi ham bir» desa, boshqa qismi «Ikkisi bir emas, biroq biri birisiz bo’lmaydi,» deganlar va shu kabi ko’p muxtalif fikrlarni bayon qilganlar. Men shunday bir farqni angladimki:

Islomiyat iltizomdir, iymon esa iz`ondir. Boshqacha qilib aytganda, Islomiyat haqqa tarafdorlik va taslim va bo’ysunishdir; iymon esa, haqni qabul va tasdiqdir.

O’tmishda ba`zi dinsizlarni ko’rdimki, Qur`on hukmlariga shiddatli tarafdorlik ko’rsatardilar. Demak u dinsiz odam bir jihatda Haqni tan olishi tufayli Islomiyatga daxldor edi, «dinsiz bir musulmon» deyilardi. So’ngra ba`zi mo’`minlarni ko’rdimki, Qur`on hukmlariga tarafdorlik ko’rsatmasdilar, tan olmasdilar, «g’ayri muslim bir mo’`min» ta`biriga nomzod bo’lardilar.

Аудио мавжуд эмас