mektubot | O’N IKKINCHI MAKTUB | 1
(1-5)

 

O’N IKKINCHI MAKTUB

بِاسْمِهِ سُبْحَانَهُ وَاِنْ مِنْ شَيْءٍ اِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدِهِ

 اَلسَّلاَمُ عَلَيْكُمْ وَ عَلَى رُفَقَائِكُمْ

Aziz qardoshlarim!

O’sha kecha mendan so’ragandingiz, men javobini bermagandim. Chunki iymoniy masalalardan munoqasha tarzida bahs qilish joiz emas. Siz munoqasha tarzida bahs qilgandingiz. Hozirchalik munoqashangizning asosi bo’lgan uch savolingizga g’oyat muxtasar bir javob yozyapman. Tafsilotini dorixonachi afandi nomlarini yozgan So’zlarda topasizlar. Faqat, Qadar va juzi ixtiyorga oid Yigirma oltinchi So’z xotirimga kelmagandi, sizga so’ylamagandim, unga ham boqingiz. Ammo gazeta singari o’qimangiz. Dorixonachi afandiga u So’zlarni mutolaa etishini havola qilganimning siri shudirki, o’sha xildagi masalalarda shubhalar iymoniy ruknlarda zaiflikdan kelib chiqadi. U So’zlar esa iymon ruknlarini tamoman isbot etadi.

Birinchi savolingiz: «Hazrati Odamning (a.s.) jannatdan chiqarilishi va bir qism bani odamni (odam bolalarini) jahannamga kiritilishi qanday hikmatga asoslangan?

Aljavob: Hikmati – vazifa yuklanishidir. Shunday bir vazifaning ma`muri qilib yuborilganki, insonning barcha ma`naviy taraqqiyotlari; va insondagi barcha iste`dodlarining ochilishi va boyishi; va insonning mohiyati barcha Ilohiy ismlarga jome` bir oyna bo’lishi, ul vazifaning natijasidandir. Agar Hazrati Odam Jannatda qolsaydi, maloika kabi maqomi sobit qolardi, insoniy iste`dodlari inkishof etmasdi (ya`ni, ochilmasdi). Holbuki, o’zgarmas maqom sohibi bo’lgan maloikalar ko’p bo’lib, u tarz ibodat uchun insonga ehtiyoj yo’qdir. Balki hikmati Ilohiya cheksiz maqomlarni bosib o’tuvchi bo’lgan insonning iste`dodiga muvofiq bir taklif diyorini taqozo etgani uchun, maloikalarning aksi o’laroq, fitratlarining taqozosi bo’lmish ma`lum gunoh bilan Jannatdan chiqarildi. Demak Hazrati Odamning Jannatdan chiqarilishi ayni hikmat va mahzi rahmat bo’lgani kabi, kofirlarning Jahannamga kiritilishi ham haqdir va adolatdir.

Аудио мавжуд эмас