Xullas, ko’mir kabi bo’lgan tuban ruhlarni olmos kabi bo’lgan oliy ruhlardan ajratish va farqini ochish uchun, shaytonlarni yaratish bilan va taklif siri va anbiyolarni yuborish bilan, imtihon va tajriba va jihod va musobaqa maydoni ochilgan. Agar mujohada va musobaqa bo’lmasaydi, insoniyat ma`danidagi olmos va ko’mir hukmida bo’lgan iste`dotlar barobarligicha qolardi. A`loi Illiyindagi Abu Bakris-Siddiqning ruhi Asfali Sofiliyndagi Abu Jahlning ruhi bilan bir saviyada qolgan bo’lardi. Demak shaytonlar va yomonliklarning yaratilishi buyuk va umumiy natijaga qaratilgani uchun, ijod qilinishlari yomonlik emas, chirkin emas; balki suiiste`mollardan va kasb deyilgan xususiy tashabbusdan kelgan yomonliklar, chirkinliklar inson amaliga oiddir; Ilohiy ijodga oid emasdir.
Agar savol bersangizki: Anbiyolarning yuborilishidan va shu bilan birga shaytonlarning mavjudligidan aksariyat insonlar kofir bo’lmoqda, kufrga kirmoqda, zarar ko’rmoqda. «Alhukmu lil-aksar» (ya`ni, hukm ko’pchilikka qarab qilinadi) qoidasiga ko’ra, ko’pchilik undan yomonlik ko’rsa, u holda yomonlikni yaratish yomonlik bo’lmaydimi, hatto anbiyolarning yuborilishi ham rahmat emas deyilmaydimi?
Aljavob: Sonning sifatga nisbatan ahamiyati yo’q. Asl ustunlik sifatga qarab belgilanadi.
Masalan, yuzta xurmo danagi bor deylik. Ular yer ostiga ko’milib, suv berilmasa va hech bir kimyoviy muomalani ko’rmasa va hayot uchun bo’ladigan kurashlarga duch kelmasa, o’sha yuz so’m qiymatidagi yuzta danakning o’zi qoladi. Ammo sug’orilib, hayot uchun bo’ladigan kurashlarga duch kelganida, suimijozi tufayli saksontasi buzilsa-da, qolgan yigirmatasidan yigirmata mevador xurmo daraxti yetishsa, «Sug’orilgani yomon bo’ldi, aksariyati buzildi,» deya olasanmi. Albatta deyolmaysan. Chunki u yigirmata yigirma ming hukmiga o’tdi. Saksontani yo’qotgan va yigirma mingni qozongan zarar qilgan bo’lmaydi, yomonlik ko’rgan hisoblanmaydi.
Ham, masalan, tovus qushining tuxumidan yuz dona bo’lsa, tuxum e`tibori ila besh yuz tiyin turadi. Biroq o’sha yuzta tuxumni tovusga bostirilsa... Saksontasi buzilib, yigirmatasi yigirmata tovus qushiga aylansa, «Ko’p zarar bo’ldi, bu ish yomon bo’ldi, bu kurk tovusning bosishi ziyon bo’ldi,» deyish mumkinmi? Yo’q, unday emas, balki xayrli bo’ladi. Chunki butun tovus zoti va butun tuxum toifasi to’rt yuz tiyin bahosida bo’lgan saksonta tuxumni yo’qotib, sakson so’m qiymatida bo’lgan yigirmata tovus qushi bilan boyidi.