mektubot | O’N IKKINCHI MAKTUB | 2
(1-5)

O’ninchi So’zning Uchinchi Ishorasida aytilgani kabi, garchi kofir oz bir umrda bir gunoh ishlagan bo’lsa-da, ammo u gunoh ichida nihoyasiz bir jinoyat bor. Chunki kufr butun koinotni tahqirlashdir, qiymatini tushirishdir va barcha masnuotning Vahdoniyatga bo’lgan shahodatlarini yolg’onga chiqarishdir va mavjudot oynalarida jilvalari ko’ringan Ilohiy Ismlarni kamsitishdir. Shuning uchun, mavjudotning haqqini kofirdan olish uchun, mavjudotlar sultoni bo’lgan Qahhori Zuljalolning kofirlarni abadiy Jahannamga otishi ayni haq va adolatdir. Chunki cheksiz jinoyat cheksiz azobni istaydi.

Ikkinchi savolingiz: «Shaytonlarning yaratilishi va ijod qilinishi nima uchundir? Janobi Haq shaytonlarni va yomonliklarni yaratgan ekan, buning hikmati nedir? Yomonlikning yaratilishi yomon emasmi, qabihning yaratilishi qabih bo’lmaydimi?»

Aljavob: Aslo, yomonlikning yaratilishi yomon emas, balki yomonlikni kasb qilish yomondir. Chunki yaratish va ijod umumiy natijalarni ko’zda tutadi, kasb esa, xususiy bir tashabbus bo’lgani uchun, xususiy natijalarni ko’zda tutadi. Masalan, yomg’ir yog’ishining minglab natijalari bor bo’lib, barchasi ham go’zaldir. Suiixtiyori ila ba`zilar yomg’irdan zarar ko’rsa, «Yomg’irning ijodi rahmat emas», deyolmaydi; «Yomg’irning yaratilishi yomonlikdir», deya hukm chiqarolmaydi. Balki suiixtiyori ila va kasbi ila o’zi uchun yomonlik bo’ldi. Hamda otashning yaratilishida ko’p foydalar bor bo’lib, barchasi ham xayrlidir. Biroq, ba`zilar suikasbi ila va suiiste`moli ila otashdan zarar ko’rsa, «Otashning yaratilishi yomondir», deyolmaydi. Chunki otash faqat uni yoqish uchun yaratilmagan, balki u o’zining suiixtiyori ila ovqatini pishirgan otashga qo’lini tiqdi va bu xizmatkorini o’ziga dushman qildi.

Alhosil: Ko’p xayrlar hosil bo’lishi uchun oz yomonlik qabul qilinadi. Agar oz bir yomonlik bo’lmasin deb, ko’p xayrlarni hosil qiluvchi o’sha birgina yomonlik tark etilsa, u holda ko’p yomonliklarga yo’l qo’yilgan bo’ladi. Masalan, jihodga askar yuborishda, albatta, ba`zi juz`iy va moddiy va badaniy zarar va yomonliklar bo’ladi. Ammo jihod qilishda ko’p xayrlar borki, Islom kofirlarning istilosidan qutuladi. Agar, o’sha oz yomonligi bo’lgani uchun, jihod tark etilsa, u holda ko’p xayrlar ketgandan so’ng, ko’p yomonlik keladi. Bu aynan zulmdir. Ham masalan, gangrena bo’lgan va kesilishi lozim bo’lgan bir barmoqning kesilishi xayrdir, yaxshidir. Holbuki, zohiran yomonlikka o’xshaydi. Biroq, barmoq kesilmasa, qo’l kesiladi; ko’p yomonlik bo’ladi.

Xullas, koinotdagi yomonliklarning, zararlarning, balolarning va shaytonlarning va zararkunandalarning yaratilishi va ijod qilinishi yomon va chirkin emasdir. Chunki muhim bo’lgan ko’p natijalar uchun yaratilgandirlar. Masalan, maloikalarga shaytonlarning hujumi bo’lmagani uchun taraqqiyotlari yo’qdir; maqomlari sobitdir, o’zgarmaydi. Shuning kabi, hayvonotning ham, shaytonlar ularga hujum qilmagani uchun martabalari sobitdir, noqisdir. Insoniyat olamida esa taraqqiyot va tanazzul martabalari cheksizdir. Namrudlardan, Fir`avnlardan tortib, to siddiqiyni avliyo va anbiyolarga qadar g’oyat uzun bir taraqqiyot masofasi bor.

Аудио мавжуд эмас