mektubot | O’N UCHINCHI MAKTUB | 1
(1-4)

O’N UCHINCHI MAKTUB

 

بِاسْمِهِ وَاِنْ مِنْ شَيْءٍ اِلاَّ يُسَبِّحُ بِحَمْدِهِ

َالسَّلاَمُ عَلَى مَنِ اتَّبَعَ الْهُدَى وَالْمَلاَمُ علَى مَنِ اتَّبَعَ الْهَوَى

Aziz qardoshlarim!

Hol-ahvol va turish-turmushimni va vasiqa (ruhsatnoma) olish uchun murojaat qilmaganimni va olamning hozirgi siyosatiga nisbatan loqaydligimni juda ko’p so’rayapsizlar. Bu savollaringiz juda ko’p takrorlanganidan, hamda ma`nan mendan so’ralganidan, bu uch savolga Yangi Said emas, balki Eski Said tili bilan javob berishga majbur bo’ldim.

Birinchi Savolingiz: Turish-turmushing, hol-ahvoling qanday?

Aljavob: Janobi Arhamurrohimiynga yuz ming shukr qilamanki, ahli dunyoning menga qilgan turli xil zulmlarini turli xil rahmatlarga aylantirdi. Shundayki:

Siyosatni tark qilib va dunyodan o’zni tortib, bir tog’ning g’orida oxiratni o’ylash bilan mashg’ul ekanman, ahli dunyo meni zulman u yerdan chiqarib surgun qildilar. Xoliqi Rahiym va Hakiym bu surgunni men uchun rahmatga aylantirdi. Xatarli va ixlosni buzadigan sabablarga duchor bo’lgan ul tog’dagi uzlatni (yolg’izlikni) Barla tog’laridagi bexatar, ixlosli xilvatga aylantirdi. Rusiyada asirlik chog’imda, umrimning oxirini bir g’orda o’tkazayin deb niyat va niyoz qilgandim. Arhamurrohimiyn men uchun Barlani o’sha g’orga aylantirdi, ya`ni, g’orning savobini berdi. Ammo g’orning zahmatini zaif vujudimga yuklamadi. Faqat Barlada, ikki-uch vahimachi bor edi. O’sha vahimachilik tufayli menga aziyat berildi. Hatto o’sha do’stlarim, go’yo osoyishimni o’ylardilar. Holbuki, o’sha vahimachilik tufayli ham qalbimga, ham Qur`onning xizmatiga zarar berdilar. Ham, ahli dunyo barcha surgundagilarga vasiqa berganlari va jinoyatchilarni qamoqdan chiqarib afu etganlari holda, menga zulm o’laroq ruxsat bermadilar. Mening Rabbi Rahiymim meni Qur`on xizmatida yanada ziyoda ter to’ktirmoq va So’zlar nomi ostida Qur`on nurlarini menga ko’proq yozdirmoq uchun tashvishsiz bir suratda meni shu g’urbatda qoldirib, o’sha zulmlarni buyuk bir marhamatga aylantirdi. Ham yana, ahli dunyo dunyolariga aralashishi mumkin bo’lgan barcha nufuzli va quvvatli raislarni va shayxlarni qishloqlarda va shaharlarda qoldirib, qarindosh urug’lari bilan birga har kim bilan ham uchrashishlariga izn berganlari holda, meni zulman yolg’iz qoldirib, bir qishloqqa yubordi. Hech bir aqrabo va hamshaharlarimni (bir-ikkisi mustasno) yonimga kelishiga izn bermadi. Mening Xoliqi Rahiymim o’sha yolg’izlikni men uchun azim bir rahmatga aylantirdi. Zehnimni sof holida qoldirib, gina-kuduratlardan pok o’laroq, Qur`oni Hakiymning fayzidan boricha olishiga vosita qildi. Ham yana, avvalda men ikki yid mobaynida bor-yo’g’i ikkita oddiy maktub yozganimni ahli dunyo yaxshi biladi. H’atto hozir, kelsa o’n va yo yigirma kunda va yo bir oyda bir-ikki musofirning faqatgina oxirat uchun yonimga kelishini xush ko’rmadilar, menga zulm qildilar. Mening Rabbi Rahiymim va Xoliqi Hakiymim u zulmni men uchun marhamatga aylantirdiki, to’qson yillik ma`naviy bir umrni qozontiruvchi bu uch oy davomida (ya`ni muborak rajab, sha`bon va ramazon oylarida) meni marg’ub bir xilvatda va maqbul bir uzlatda qolish baxtiga yerishtirdi. «Alhamdulillahi ala kulli hol», xullas, hol va turmushim mana shunday...

Аудио мавжуд эмас