mektubot | O’N UCHINCHI MAKTUB | 2
(1-4)

Ikkinchi savolingiz: Nima uchun  vasiqa olish uchun murojaat etmayapsan?

Aljavob: Shu masalada men Qadarning mahkumiman, ahli dunyoni mahkumi emasman. Qadarga murojaat etaman. Qachon izn bersa, rizqimni bu yerdan qachon kessa o’sha vaqt ketaman. Bu ma`noning haqiqati shudirki, boshga kelgan bir ishda ikki sabab bor. Biri zohiriy, boshqasi haqiqiy. Ahli dunyo zohiriy bir sabab bo’ldi; meni bu yerga keltirdi. Qadari Ilohiy esa haqiqiy sabab bo’lib, meni bu uzlatga mahkum etdi. Zohiriy sabab zulm qildi, haqiqiy sabab adolat qildi. Zohiriysi shunday o’yladi: «Bu odam ilmga va dinga ortig’i bilan xizmat qiladi, balki dunyomizga aralashar» – degan ehtimol bilan meni surgun qilib, uch tomondan ustma-ust zulm qildi. Qadari Ilohiy ko’rdiki, ilmga va dinga keragicha va ixlos bilan xizmat qilolmayapman. Shuning uchun meni bu surgunga mahkum etdi. Ularning bu ustma-ust zulmlarini ustma-ust rahmatlarga aylantirdi. Modomiki, surgun qilinishimda Qadar hokim ekan va ul Qadar odil ekan, unga murojaat etaman. Zohiriy sabab esa, zotan bahona navidan bir narsalari bor. Demak ularga murojaat etish ma`nosizdir. Agar ularning qo’lida bir haq va yo kuchli bir vosita bo’lganda edi, o’shanda ularga ham murojaat etilsa bo’lardi.

Boshlarini yesin, dunyolarini tamoman tashlaganim holda va oyoqlariga o’ralashsin, siyosatlarini butunlay tark etganim holda, men haqimda o’ylagan bahonalari, vahimalari, albatta, asossiz bo’lganidan, ularga murojaat etish bilan o’sha vahimalarini haqiqatga aylanishini istamayman. Agar uchlari ajnabiylar qo’lida bo’lgan dunyo siyosatiga aralashmoqqa bir ishtaham bo’lsaydi, sakkiz yil emas, balki sakkiz soatga ham qolmay yoyilardi, o’zini ko’rsatardi. Holbuki, sakkiz yil bo’libdi, bironta gazeta o’qishga xohishim bo’lmadi va o’qimadim. To’rt yildirki, bu yerda nazorat ostidaman, hech bir alomati ko’rinmadi. Demak Qur`oni Hakiym xizmatining barcha siyosatlardan yuksak bir ustunligi borki, aksariyati yolg’onchilikdan iborat bo’lgan dunyo siyosatiga tanazzul etishga yo’l qo’ymaydi.

Murojaat etmaganimning ikkinchi sababi shudirki, haqsizlikni haq deb hisoblagan odamlarga haq da`vo etmoq, bir navi haqsizlikdir. Bu navdagi haqsizlikni pastkashlarcha qilishni istamayman.

Uchinchi Savolingiz: Dunyoning siyosatiga nima uchun bu qadar loqaydsan? Olamdagi bu qadar o’zgarishlarga hech parvo qilmayapsan? (pinagingni hech buzmayapsan) Bu o’zgarishlarni xush ko’ryapsanmi? Va yohud qo’rqyapsanmiki, sukut saqlayapsan?

Аудио мавжуд эмас