Shu murakkab sirning asosi, aqrabiyati Ilohiyaning inkishofidir (ayon bo’lishidir). Masalan, quyosh bizga yaqindir. Chunki ziyosi, harorati va misoli oynamizda va qo’limizdadir. Ammo biz undan uzoqmiz. Agar biz nuroniyat nuqtasida uning yaqinligini his qilsak, oynamizdagi misoli bo’lgan timsoliga munosabatimizni anglasak, ul vosita orqali uni tanisak; ziyosi, harorati, hay`ati nima ekanini bilsak, uning yaqinligi bizga ayon bo’ladi va uni yaqindan tanib munasabatdor bo’lamiz. Agar biz uzoqligimiz nuqtai nazaridan unga yaqinlashmoq va uni tanimoq istasak, juda ko’p fikriy sayrga va aqliy sayohatga majbur bo’lamizki, fanga oid qonunlar bilan fikran samovotga chiqib, samodagi quyoshni tasavvur qilib, so’ngra mohiyatidagi ziyo va haroratni va ziyosidagi yetti rangni uzundan uzun ilmiy tadqiqot orqali anglagandan so’ngra, birinchi odamning o’z oynasida oz bir tafakkur ila qo’lga kiritgan ma`naviy yaqinlikni zo’rg’a qo’lga kiritishimiz mumkin.
Mana shu misol kabi, payg’ambarlik va payg’ambarlikka voris bo’lgan valiylik aqrabiyat sirining inkishofiga qaraydi. Qolgan valiyliklar esa, aksariyatda qurbiyat asosi uzra boradi. Bir qancha martabalardan sayru-suluk qilib o’tishga majbur bo’ladi.
Ikkinchi maqom.
O’sha hodisalarga sababchi bo’lganlar va fasodni boshlaganlar bir necha yahudiydan iborat odamlargina emaski, ularni kashf etish orqali fasodning oldi olinsa. Chunki juda ko’p muxtalif millatlarning Islomiyatga kirishi bilan, bir-biriga zid va muxolif ko’p jarayonlar va fikrlar qorishib ketdi. Boxusus, ba`zilarning milliy g’ururlari Hazrati Umarning (r.a.) zarbalari bilan dahshatli yaralanganidan, tabiatan intiqom olishga fursat kutardilar. Chunki ularning ham eski dini yo’q qilingandi, ham sharaflari bo’lgan eski hukumati va saltanati yakson etilgandi. Intiqomini, bilib va yo bilmay, Islom hukumatidan olishga hissan tarafdor bir kayfiyatda bo’lgan. Shuning uchun, yahudiy kabi ziyrak va ayyor bir qism munofiqlar o’sha ijtimoiy holatdan foydalandilar, deyilgan. Demak u hodisalarning oldini olish, o’sha vaqtdagi ijtimoiy hayotni va qarama-qarshi fikrlarni isloh qilish bilan edi. Yo’qsa bir-ikki fasodchining kashf etilishi bilan bo’lmasdi.
Agar deyilsa: Hazrati Umar (r.a.) minbar ustida turib, bir oylik masofada bo’lgan Soriya ismli bir qo’mondoniga: يَا سَارِيَةُ الْجَبَل الْجَبَل deb, Soriyaga eshittirib, askarlarni strategik nuqtaga jamlab zafar qozonishlariga sababchi bo’lgan karomatkorona buyrug’i qay daraja keskin nazarli ekanini ko’rsatgani holda, nima uchun yonidagi o’z qotili Feruzni ul keskin valiylik nazari bilan ko’rmadi?