mektubot | O’N BESHINCHI MAKTUB | 3
(1-9)

Aljavob: Bunga Hazrati Yoqub Alayhissalomning bergan javobi bilan javob beramiz. (Izoh) Ya`ni Hazrati Yoqubdan so’ralganki: «Nima uchun Misrdan kelgan ko’ylagining hidini sezding-da, yaqiningda bo’lgan Kan`on qudug’idagi Yusufni ko’rmading?» Javoban deganki: «Bizning holimiz chaqmoqlar kabidir; ba`zan ko’rinadi, ba`zan yashirinadi. Ba`zi vaqtlar bo’ladiki, eng yuksak mavqeda o’tirib, har tarafni ko’rayotgandek bo’lamiz. Ba`zi vaqtlar esa oyog’imizning ustini ko’rolmaymiz.»

Alhosil: Inson har naqadar faoliyat va ixtiyor egasi bo’lmasin,

biroq وَمَا تَشَاؤُنَ اِلاَّ اَنْ يَشَاءَ اللّهُ siriga ko’ra, Allohning irodasi asosdir, Qadar hokimdir. Allohning xohishi insonning xohishini orqaga qaytaradi

 اِذَا جَاءَ الْقَدَرُ عُمِىَ الْبَصَرُ hukmini ijro etadi. Qadar so’ylasa inson iqtidori so’ylamaydi, juz`iy ixtiyor o’chadi.

Ikkinchi savolingizning mazmuni: Hazrati Ali (r.a.) zamonida boshlangan janglarning mohiyati nimadan iborat? Jang qatnashchilariga va u jangda o’lgan va o’ldirganlarga qanday nom berishimiz mumkin?

Aljavob: Jamal voqeasi deyilgan Hazrati Ali bilan Hazrati Talha va Hazrati Zubayr va Oishai Siddiqa (Roziyallohu taolo anhum ajma`in) orasida bo’lgan jang; «adolati mahza» ila «adolati izofiya»ning kurashidir. Ya`ni:

Hazrati Ali «adolati mahza»ni asos tutib, shayhayn zamonidagi kabi, o’sha asos uzra bormoq uchun ijtihod qilgan. Qarshi taraf esa, shayhayn zamonidagi Islomiyatning sofligi «adolati mahza»ga imkon bergan, ammo zamon o’tishi bilan Islomda zaif bo’lgan xilma-xil qavmlar Islom ijtimoiy hayotiga kirganlari uchun «adolati mahza»ning tatbiqi juda mushkul bo’lganidan, «ahvanush-sharni ixtiyor etish» (ya`ni ikki yomonlikdan kamrog’ini tanlash) deyilgan nisbiy adolat asosi uzra ijtihod qildilar. Ijtihoddagi munoqasha siyosatga kirgani uchun, jang bilan yakunlandi. Modomiki xolis «Lilloh» uchun va Islomiyatning manfaati uchun ijtihod qilingan va ijtihoddan jang kelib chiqqan ekan, albatta ham qotil, ham maqtul; ikkisi ham ahli jannatdir, ikkisi ham ahli savobdir deya olamiz. Har qancha Hazrati Alining ijtihodi to’g’ri va raqiblariniki xato bo’lsa-da, baribir azobga mustahiq emaslar. Chunki ijtihod qilgan haqni topsa ikki savob bor. Topmasa, bir navi ibodat bo’lgan ijtihod savobi o’laroq bitta savob oladi. Xatosidan ma`zurdir.

Аудио мавжуд эмас