Uchinchi savolingizda: «Ul muborak zotlarning boshiga tushgan u fojiali, аэaddorona (shafqatsiz) muomalaning hikmati nimada?» deb so’rayapsiz.
Aljavob: Sobiqan bayon etganimizdek, Hazrati Husaynning raqiblari bo’lgan Umaviylar saltanatida marhamatsiz g’addorlikka sabab bo’ladigan uch asos bor edi.
Birinchisi: Marhamatsiz siyosatning bir dasturi bo’lmish, «Hukumatning tinchligi, osoyishi bardavom bo’lishi uchun shaxslar fido qilinadi».
Ikkinchisi: Ularning saltanati irqchilik va millatchilikka tayangani uchun millatchilikning g’addorona bir dasturi bo’lgan, «Millatning salomatligi uchun har narsa fido etiladi».
Uchinchisi: Umaviylarning Hoshimiylarga qarshi an`anaga kirgan raqobat hissi, Yazid kabi ba`zi kishilarda ham bo’lgani uchun, shafqatsiz bir g’addorlikka qobiliyat ko’rsatgandi.
To’rtinchi bir sabab esa: Hazrati Husaynning tarafdorlari orasida bor ediki, Umaviylar arab millatchiligini asos qilib, boshqa millat vakillarini «mamolik» deb ta`birlab, qul o’rnida ko’rishlari va milliy g’ururlarini ham toptaganlari tufayli, boshqa millatlar ulardan o’ch olish maqsadida va shum niyat bilan Hazrati Husaynning jamoatiga qo’shilganlaridan, Umaviylarning millatchilik hissiga qattiq tegib ketgan; g’oyat g’addorona va marhamatsizlarcha ro’y bergan o’sha mashhur fojiaga sababchi bo’lganlar.
Mazkur to’rt sabab zohiriydir. Qadar nuqtasidan qaralgan vaqt, Hazrati Husayn va aqrabolariga u fojia tufayli hosil bo’lgan oxiratga oid natijalar va ruhoniy saltanat va ma`naviy taraqqiyot shunchalar qiymatdordirki, u fojia tufayli chekkan zahmatlari g’oyat yengil va arzonga tushadi. Bamisoli bir askar bir soatlik iskanja ostida shahid qilinsa, shunday bir martabaga erishadiki, boshqa odam o’n yil urinsa u martabaga zo’rg’a yerishadi. Agar ul askar shahid bo’lgandan so’ngra undan so’rab bo’lganida, «Oz bir narsa bilan juda ko’p narsa qozondim», degan bo’lardi.
To’rtinchi savolning mazmuni: Oxirzamonda Hazrati Iso Alayhissalom Dajjolni o’ldirgandan so’ng, insonlarning aksariyati haq dinga kiradi. Holbuki, rivoyatlarda kelganki, «Yer yuzida Alloh, Alloh deganlar bor ekan qiyomat qo’pmaydi». Bunday ommaviy ravishda iymonga kelgandan so’ng qanday qilib ommaviy ravishda kufrga kirib ketadilar?
Aljavob: Sahih hadisda rivoyat etilgan, Hazrati Iso Alayhissalomning kelishini va shariati Islomiya ila amal qilishini, Dajjolni o’ldirishini iymoni zaiflar aqldan uzoq deb biladilar. Uning haqiqati izoh etilsa, hech ham aqldan uzoq yeri qolmaydi. Ya`ni:
Ul hadisning hamda Sufyon va Mahdiy haqidagi hadislar ifodalagan ma`nolari shudirki, Oxirzamonda dinsizlikning ikki jarayoni quvvat topadi.