mektubot | O’N BESHINCHI MAKTUB | 7
(1-9)

Ha, har vaqt samovotdan maloikalarni yerga yuborgan va ba`zi vaqtlarda inson suratiga kirgizgan (Hazrati Jabroilning «Dihiya» ismli go’zal bir sahoba suratiga kirgani kabi) va ruhoniy mavjudotlarni ruhlar olamidan yuborib inson suratida ko’rsatgan, hatto o’lgan avliyolarning ko’plarining arvohlarini misoliy jasad bilan dunyoga yuborgan bir Hakiymi Zuljalol Hazrati Iso Alayhissalomni, Iso diniga oid eng muhim bir husni xotimasi uchun, nafaqat dunyo samosida jismonan mavjud va hayotda bo’lgan Hazrati Iso, balki Oxirat olamining eng uzoq burchagiga ketgan va haqiqatdan o’lgan bo’lsaydi, baribir shunday bir azim natija uchun unga yangidan jasad kiydirib dunyoga yubormoq, ul Hakiymning hikmatidan uzoq emas. Balki Uning hikmati shuni taqozo etgani uchun va`da qilgan va va`da qilgani uchun albatta yuboradi.

Hazrati Iso kelgan vaqti, har kim ham uning haqiqiy Iso ekanini bilmog’i lozim emas. Unga yaqin kishilar va xos insonlar nuri iymon ila uni taniydi. Yo’qsa, yaqqol darajada har kim uni taniyolmaydi.

Savol: Rivoyatlarda kelganki: «Dajjolning yolg’onchi bir jannati bor bo’lib, o’ziga tobe bo’lganlarni u yerga tashlaydi. Hamda yolg’onchi bir jahannami bor bo’lib, tobe bo’lmaganlarni u yerga otadi. Hatto u o’z markabining (ulovining) bir qulog’ini jannat kabi, bir qulog’ini jahannam kabi yasagan... Gavdasining kattaligi bunchadir, shunchadir...» degan ta`riflar bor?

Aljavob: Dajjolning tashqi ko’rinishi, inson kabidir. Mag’rurligi, fir`avnlashgani, Allohni unutganligidan, o’tkinchi, zolimona bo’lgan o’z hokimiyatiga ilohiy tus bergan ahmoq bir shaytondir va ayyor bir insondir. Biroq uning ma`naviy shaxsi bo’lgan dinsizlikning azim jarayoni juda ulkandir. Rivoyatlarda Dajjolga oid dahshatli vasflar bunga ishora qiladi. Bir vaqtlar Yaponiya boshqo’mondonining rasmi: bir oyog’i Tinch okeanida, ikkinchi oyog’i o’n kunlik masofadagi Port Artur qal`asida qilib tasvirlangan edi. O’sha kichik Yapon qo’mondonini bu tarzda tasvirlash bilan qo’shinining ma`naviy shaxsi ko’rsatilgan.

Ammo Dajjolning yolg’onchi jannati esa madaniyatning jozibador shahvoniy o’yinlari va fantaziyalaridir. Markabi esa poezd kabi bir vositadirki, bir boshida o’t o’chog’i bo’ladi, o’ziga tobe bo’lmaganlarni ba`zan o’tga otadi. U markabning bir qulog’i, ya`ni boshqa tarafi jannat kabi to’shalgan bo’lib, tobe bo’lganlarni u yerga o’tkazadi. Zotan buzuq va g’addor madaniyatning muhim bir markabi bo’lgan poezd ahli safohat va ahli dunyo uchun yolg’onchi bir jannat keltiradi. Bechora din ahli va ahli Islom uchun madaniyat qo’lida jahannam zaboniysi (azob farishtasi) kabi tahlika keltiradi; asir va qashshoqlik girdobiga yo’liqtiradi.

Аудио мавжуд эмас