Xullas Isaviylikning haqiqiy dini o’rtaga chiqib, Islomiyatga aylanishi bilan, garchi olamda mutlaq aksariyatga nurini sochsa-da, biroq qiyomat bo’lishiga yaqin qolganda yana dinsizlik jarayoni takror bosh ko’taradi, g’alaba qiladi. Va «Alhukmu lil-aksar» qoidasiga ko’ra, yer yuzida «Alloh, Alloh» deydigan qolmaydi. Ya`ni, «ahamiyatli bir jamoat yer kurrasida muhim bir mavqega ega bo’ladigan bir suratda «Alloh, Alloh» deyilmaydi», deganidir. Yo’qsa, ozchilikda qolgan va yohud mag’lubiyatga uchragan ahli haq qiyomatga qadar davom etadi, faqat qiyomat qo’padigan onda, qiyomatning dahshatlarini ko’rsatmaslik uchun, bir rahmat asari o’laroq, ahli iymonning ruhlari avvalroq qabz etiladi. Qiyomat kofirlarning boshiga qo’pajakdir.
Beshinchi savolingizning mazmuni: Qiyomatning hodisalaridan boqiy arvohlar ta`sirlanàdilarmi?
Aljavob: Darajalariga ko’ra ta`sirlanadilar. Maloikalar Allohning qahri ko’ringanida o’zlariga xos ta`sirlanganlari kabi ta`sirlanadilar. Aytaylik, bir inson issiq joyda turib, tashqarida qor va bo’rondan titraganlarni ko’rsa, aql va vijdon e`tibori ila ta`sirlanadi. Shunga o’xshab, shuurli bo’lgan boqiy arvohlar koinot bilan aloqador bo’lganlari uchun, koinotning azim hodisasidan darajalariga ko’ra ta`sirlanishlarini; ahli azob bo’lsa, alamkorona; ahli saodat bo’lsa, hayratkorona, taajjubkorona, balki bir jihatda xushxabardorona taassurotda bo’lishlarini Qur`on ishoralari ko’rsatadi.
Zero Qur`oni Hakiym har vaqt qiyomatning ajoyibotini tahdit suratida zikr etadi. «Ko’rajaksiz...» deydi. Holbuki insoniy jismi bilan uni ko’radiganlar, qiyomatga yetganlardir. Demak, qabrda jasadlari chirigan arvohlarning ham ul Qur`oniy tahdiddan xissalari bor.
Oltinchi savolning mazmuni: كُلُّ شَيْءٍ هَالِكٌ اِلاَّ وَجْهَهُ Bu oyat Oxiratga, Jannatga, Jahannamga va ularning ahllariga tegishlimi?
Aljavob: Shu masala juda ko’p ahli tahqiq va ahli kashf va avliyo ahlining bahslariga sabab bo’lgan. Shu masalada so’z ularnikidir. Hamda shu oyatning benihoya kengligi va ko’p martabalari bor. Ahli tahqiqning aksariyat qismi deganlarki: «Baqo olamiga tegishli emas». Boshqa bir qismi esa: «Oniy o’laroq, ular ham qisqa bir vaqtda bir navi halokatga yo’liqadilar. Shu qadar oz bir vaqtda bo’ladiki, fanoga borib-kelganlarini his etmaydilar.
Ammo ba`zi mufrit fikrli ahli kashfning ta`kidlagan mutlaq yo’qlik esa, haqiqat emasdir. Chunki Zoti Aqdasi Ilohiy modomiki mangu va doimiy ekan, albatta sifati va ismlari ham mangu va doimiydir. Modomiki sifati va ismlari doimiy va mangu ekan, albatta ularning oynalari va jilvalari va naqshlari va akslari bo’lmish baqo olamidagi boqiy narsalar va ahli baqo, mutlaq yo’qlikka albatta ketolmaydi.