mektubot | O’N OLTINCHI MAKTUB | 16
(1-16)

Eski Said yo’q. Yangi Said esa ahli dunyo bilan ko’rishishni ma`nosiz deb biladi. «Dunyolari boshlarini yesin! Nima qilsalar qilsinlar! Mahkamai Kubroda (qiyomatda) ular bilan birga muhokama bo’lamiz!» deydi, sukut saqlaydi.

Murojaat qilmaganim sabablaridan sakkizinchisi: «Noshar`iy bir muhabbatning natijasi, marhamatsiz bir adovatdir» deyilgan qoidaga ko’ra, odil bo’lgan taqdiri Ilohiy, loyiq bo’lmasalar-da, men mayl ko’rsatgan shu ahli dunyoning zolim qo’li bilan meni azoblayotir. Men ham bu azobga mustahiqman deb sukut saqlayapman. Chunki Jahon urushida Ko’ngillilar polkining qo’mondoni o’laroq ikki yil urishdim, jang qildim. Armiya qo’mondoni va Anvar Poshshoning taqdirlashlari ostida qiymatli talabalarimni, do’stlarimni fido etdim. Yaralanib asir tushdim.

Asirlikdan qaytgach, «Xutuvoti Sitta» kabi asarlarim bilan o’zimni tahlikaga solib, Inglizlarning Istambulga hujum qilayotgan onida, Inglizlarning boshlariga urdim. Hozirda meni iskanjali va sababsiz asirlikka olganlarga yordam qilgandim.

Ular ham menga o’sha yordamimning jazosini bu tarzda berayotirlar. Uch yil davomida Rusiyadagi asirlikda chekkan zahmat va qiyinchiliklarimni, bu yerda bu «do’stlarim» menga uch oyda chektirdilar. Holbuki, ruslar menga Kurd Ko’ngillilari qo’mondoni suratida, hamda kazaklarni va asirlarni o’ldirgan g’addor odam nazarida qaraganlari holda, meni darsdan man etmadilar. Hibsdoshlarim bo’lgan to’qson asir zobitlarning aksariyat qismiga dars berardim. Bir marta rus qo’mondoni keldi, tingladi. Turkcha bilmagani uchun siyosiy dars deb o’yladi va bir gal man qildi. So’ngra yana izn berdi. Yana ayni o’sha kazarmaning bir xonasini masjid qildik. Men imomlik qilardim. Hech qarshilik qilmadilar va to’planishdan man qilmadilar. Meni boshqalar bilan ko’rishib turishdan mahrum qilmadilar.

Holbuki, bu «do’stlarim», go’yo vatandoshlarim va dindoshlarim va ularning iymoniy manfaatlari uchun men jon kuydirgan odamlar, hech bir sabab bo’lmay turib, siyosatdan va dunyodan aloqamni uzganimni bila turib, uch yil emas, olti yil meni azobli asorat ostiga oldilar, muloqotdan man etdilar. Hujjatim bo’lgani holda, dars berishdan, hatto xonamda xususiy dars qilishimni ham man etdilar. Maktub orqali aloqadan ham to’sdilar. Hatto hujjatim bo’lgani holda, o’zim ta`mirlagan va to’rt yil imomlik qilgan masjidimdan meni man etdilar. Endi yana jamoat savobidan mahrum qilmoq uchun, doimiy jamoatim va oxirat qardoshlarim bo’lgan maxsus uch odamga ham imomlik qilishimni qabul etmayaptilar.

Ham o’zim istamaganim holda, birov meni yaxshi desa, menga nazorat qilayotgan ma`murning g’ashi kelib, g’azabi qaynaydi. «Nufuzini sindiraman» deya vijdonsizlarcha tadbirlar qilmoqda.

Xullas, odam bunday vaziyatda Janobi Haqdan boshqa kimga murojaat etishi mumkin? Hokimning o’zi qoralovchi bo’lsa, albatta unga shikoyat qilinmaydi. Qani kel sen aytchi, bu holga nima desak bo’ladi? Sen nima desang de. Men deymanki, bu «do’stlarim» ichida ko’p munofiqlar bor. Munofiq kofirdan battardir. Shuning uchun kofir Rus menga chektirmaganini chektirmoqdalar...

Hey badbaxtlar! Men sizga nima qildim va nima qilyapman? Iymoningizni qutilishi va abadiy saodatingiz uchun xizmat qilyapman! Demak, xizmatim xolis va Alloh uchun bo’lmabdi-ki, aksulamal bo’lmoqda. Sizlar bunga javoban, har fursatda meni ranjitmoqdasiz. Albatta Mahkamai Kubroda (qiyomatda) siz bilan ko’rishajakmiz.     - - - deyman.

اَلْبَاقِى هُوَ الْبَاقِى

Said Nursiy

Аудио мавжуд эмас